Zelenskiyga muhlat bergan Tramp, poytaxtini ko‘chiradigan Eron – Weekend
Tahlil
−
23 noyabr 3492 8 daqiqa
Yaqin Sharqda o‘zgarayotgan harbiy muvozanat. Mintaqada hozirgacha faqat Isroilda bo‘lgan qiruvchi samolyotni endi Saudiya ham oladi.
Eron poytaxtining Tehrondan ko‘chirilishi majburiy choraga aylandi. Bunga mamlakatdagi qurg‘oqchilik sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.
Zelenskiy qiyin tanlov oldida qoldi. Tramp Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasini ishlab chiqdi va Zelenskiyga uni qabul qilish uchun 27 noyabrgacha muddat berdi.
Joriy hafta davomida dunyoda sodir bo‘lgan shu va boshqa voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Weekend dasturida tanishing.
Qiyin tanlov
Ukraina qiyin tanlov – yo o‘z qadr-qimmatini yo‘qotish, yoki asosiy hamkorini yo‘qotish xavfi oldida turibdi.
Oldinroq AQSH va Rossiya Prezidentlarining maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Kirill Dmitriyev ishtirokida Ukraina uchun yangi tinchlik rejasi ishlab chiqilayotgani aytilgandi. Joriy haftada 28 banddan iborat kelishuvning tafsilotlari matbuotda paydo bo‘la boshladi.
Trampning tinchlik rejasi deya nomlangan ushbu tashabbusga ko‘ra, Ukraina Rossiyaga ma’lum imtiyozlar berishga majbur bo‘lishi kutilmoqda. Rejaning 2-bandida Ukraina, Rossiya va YeI “keng qamrovli hujum qilmaslik to‘g‘risidagi kelishuv”ni imzolaydi, so‘nggi 30 yildagi barcha nizoli masalalar hal qilingan deb hisoblanadi, deyilgan.
Shuningdek, Qrim yarimoroli, Donetsk va Lugansk hududlari de-fakto Rossiyaniki, deb tan olinadi. Xerson va Zaporoje mintaqalari esa frontning hozirgi chizig‘i bo‘yicha Ukraina va Rossiya o‘rtasida bo‘linishi kerak. Har ikki davlat kelgusida kuch ishlatib chegaralarni o‘zgartirmaslik majburiyatini oladi. NATO qo‘shinlari Ukraina hududiga joylashtirilmasligi lozim.
Ushbu taxminiy rejaga muvofiq, Ukraina tiklanishi uchun AQSH va Yevropa mablag‘ ajratadi. Shuningdek, Rossiyaning 100 milliard dollarlik muzlatilgan aktivlari ham shu maqsadda sarflanadi. Rossiyaga qo‘yilgan xalqaro sanksiyalar bosqichma-bosqich bekor qilinadi va Moskva–Vashington o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolanadi.
Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasi Kiyevga xavfsizlik kafolatlarini ham o‘z ichiga oladi. Ushbu kafolatlar NATO shartnomasining 5-moddasi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, AQSH va Yevropadagi ittifoqchilarni Ukrainaga qilingan har qanday hujumni butun “transatlantika hamjamiyati”ga qilingan hujum sifatida ko‘rib chiqishga majbur qiladi.
Rejada tinchlik shartnomasi imzolangan zahoti o‘t ochishni to‘xtatish va “hammani hammaga” formatida harbiy asirlar almashinuvi nazarda tutilgan. Kelishuv bajarilishini nazorat qilishni Donald Tramp rahbarligidagi “tinchlik kengashi” amalga oshiradi.
20 noyabr kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Xavfsizlik Kengashi brifingida Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Kristina Gayovishin Kiyev AQSH Prezidentining tinchlik rejasini muhokama qilishga tayyor ekani, ammo Ukraina hududiy suvereniteti savdo predmetiga aylanmasligini ma’lum qildi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat hozir qiyin tanlov oldida turganini aytib, xalqiga murojaat qildi. Uning bu murojaati Vashingtonning joriy yil 27 noyabr kuniga qadar mojaroni hal qilish bo‘yicha kelishuv loyihasi imzolanmasa, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish va razvedka ma’lumotlari almashishni to‘xtatishi bilan tahdid qilgani fonida yo‘llanmoqda.
“Biz hozir tariximizning eng og‘ir damlaridan birida turibmiz. Ukraina juda qiyin tanlov oldida turibdi: yo o‘z qadr-qimmatini yo‘qotish yoki asosiy hamkorini yo‘qotish xavfi. Yo qiyin 28 banddan iborat tinchlik rejasi yoki qahraton qish. Bizdan allaqachon ikki marta hujum qilganlarga ishonishni so‘rashmoqda va ular javob kutishyapti. Biz AQSH va hamkorlarimiz bilan xotirjam, lekin tez ishlaymiz va dushmanga Ukraina tinchlikni xohlamaydi, deyishga asos bermaymiz. Men tinchlik rejasida ikki jihat: ukrainaliklarning qadr-qimmati va erkinligi hisobga olinishi uchun kurashaman. Biz urushni tugatish uchun hamma narsani qilamiz, lekin Ukraina, Yevropa va global tinchlikka barham berish uchun emas.
Biz deyarli to‘rt yildan beri dunyodagi eng katta armiyalardan birini ushlab turdik. Xalqimiz urush tugashini xohlaydi. Biz po‘latdek mustahkammiz, lekin eng kuchli metall ham sinishi mumkin. Urushning birinchi kuni qochmadik. Bu qadr-qimmat. Bu erkinlik. Rossiya uchun eng dahshatli narsa – ukrainaliklarning birligi. Endi bizga munosib tinchlik har qachongidan ham kerak. Odamlar, fuqarolar, siyosatchilar – biz birlashishimiz, janjal va siyosiy o‘yinlarni to‘xtatishimiz kerak. Ortimda Ukraina xalqi turganini bilib, munosib tinchlikka erishish menga osonroq bo‘ladi.
Keyingi hafta qiyin bo‘ladi. Bizni ajratish uchun juda ko‘p bosim bo‘ladi. Dushman hech narsaga erisha olmasligimiz uchun hamma narsani qiladi. Ularga bunday qilishga ruxsat berishga haqqimiz yo‘q. Biz tinchligimiz, qadr-qimmatimiz va erkinligimiz uchun birlashishimiz kerak. Men yolg‘iz emasligimga ishonaman”, degan u.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa 21 noyabr kuni Rossiya Xavfsizlik kengashida Moskva tinch muzokaralarga ham tayyor ekanini aytdi. Uning aytishicha, Rossiya bu reja tinchlik asosini tashkil qilishi mumkin deb biladi, ammo AQSH buni Rossiya bilan bevosita muhokama qilmayapti.
“Rossiya har doim aytib kelayotgani kabi tinchlik muzokaralariga ham tayyor. Ammo buning uchun takliflarning barcha detallarini amaliy muhokama qilish zarur. Rossiya bunga tayyor”, deya o‘z so‘zini yakunlagan Putin.
Yevropa esa Trampning rejasiga ehtiyotkorlik bilan qaramoqda. Janubiy Afrikada AQSH ishtirokisiz o‘tayotgan G20 sammiti doirasida yetakchilar ushbu rejani ham muhokama qildi.
Shunday qilib, oldimizda Ukraina uchun muhim va og‘ir hafta kutmoqda. Ko‘ramiz, Zelenskiy muddat tugaguncha Trampning shartiga rozi bo‘larmikan, yoki Tramp Putinga ko‘rsatgani kabi, Zelenskiyga ham muddatni cho‘zib, iltifot ko‘rsatarmikan.
NATOsiz ittifoq: AQSH Saudiyaga yangi maqom berdi
18 noyabrda Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi va Bosh vaziri, mamlakatning de-fakto rahbari Muhammad bin Salmon Ol Saud 7 yil ichida birinchi bor Oq uyga bordi. Tramp uni tantana bilan kutib oldi, shohona dasturxon yozdi. Mehmonlar orasida esa futbol yulduzi Ronaldu ham bor edi. Tramp futbolchi va uning bo‘lajak turmush o‘rtog‘i bilan alohida uchrashuv ham o‘tkazdi.
“Qora shahzoda”ning Oq uyga tashrifiga qaytadigan bo‘lsak, u Tramp Saudiya Arabistoniga joriy yil may oyida qilgan tashrifi chog‘ida bergan 600 milliard dollarlik va’dasini kengaytirib, o‘z mamlakati AQSHdagi investitsiyalarini 1 trillion dollarga yetkazishini ma’lum qildi. Ammo u bu bo‘yicha aniq tafsilotlar yoki muddatlar keltirmadi.
Tramp esa ertasi kuni AQSH–Saudiya Arabistoni investitsiya forumida bin Salmonga investitsiyalar miqdorini 1,5 trillion dollargacha oshirishni taklif qilganini aytdi. Prezident shahzodadan qanday javob olganini oshkor qilmagan, biroq AQSH bu borada “nimadir olishiga” umid bildirgan.
Shuningdek, Tramp Saudiya Arabistonini AQSHning “NATOga kirmaydigan asosiy ittifoqchisi” sifatida belgiladi. Bu maqom AQSH sherigiga harbiy va iqtisodiy imtiyozlar beradi, ammo bevosita xavfsizlik majburiyatlarini o‘z ichiga olmaydi.
Oq uy Tramp kelgusida F-35 harbiy uchoqlarini yetkazib berishga ruxsat berganini, Saudiya esa 300 ta AQSH tankini xarid qilishga rozi bo‘lganini ma’lum qildi. Bu AQSHning ilk marta Ar-Riyodga bunday yuqori texnologiyali uchoqlarni berishini anglatadi, bu esa muhim siyosiy burilish hisoblanadi. Mazkur kelishuv Yaqin Sharqdagi harbiy muvozanatni o‘zgartiradi va Isroilning “sifat jihatdan ustunlik maqomi”ni saqlab qolish borasidagi AQSH siyosatini sinovga qo‘yadi. Hozirga qadar F-35ga ega bo‘lgan yagona mintaqaviy davlat Isroil hisoblanadi.
Mamdani Oq uyda
Joriy haftada Oq uyda yana bir muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bir necha oylardan beri ijtimoiy tarmoqlar va OAV orqali bir-birini qoralab kelayotgan ikki siyosatchi o‘rtasidagi muzokaradan so‘ng ular jurnalistlar oldida samimiy tabassum bilan ko‘rinish berdi. Sezganingizdek, gap Nyu-Yorkning yangi saylangan meri Zohran Mamdani va AQSH Prezidenti Donald Tramp haqida ketmoqda. Tramp Mamdanini kommunist, saylangan mer esa Prezidentni fashist deb atab kelayotgandi.
21 noyabr kungi suhbatdan so‘ng Trapm Mamdani bilan unda bitta umumiy jihat bor ekani – ikkovi ham yaxshi ko‘radigan shahrining ulkan muvaffaqiyatga erishishini istashini aydi.
Jurnalistlar Mamdaniga “Trampni hali ham fashist deb hisoblaysizmi?”, deya savol berdi. Yangi mer javobga og‘iz ocharkan, Tramp Mamdanining qo‘lini ushlab, “Ha deb qo‘y, bu tushuntirishdan osonroq”, degan. Shunda Mamdani hech ikkilanmasdan “ha” javobini bergan.
Bir birining ashaddmy dushmani sifatida ko‘rilgan bu ikki yetakchining bir uchrashuv natijasida bunaqangi yaxshi kelishib ketganidan siyosat qanchalik tez o‘zgarayotganini aynglash mumkin.
Eron poytaxti ko‘chiriladi
Eron poytaxtining Tehrondan ko‘chirilishi masalasi atigi bir necha hafta ichida keskin o‘zgarishlarga uchradi. Avvaliga rasmiylar bu masala kun tartibidan olinganini e’lon qilgan bo‘lsa, oradan ko‘p o‘tmay Prezident Mas’ud Pezeshkiyon poytaxtni ko‘chirish “majburiy choraga aylanganini” ma’lum qildi.
“Bugun real vaziyat shuki, bizda boshqa yo‘l qolmadi. Poytaxtni ko‘chirish majburiy choradir. Agar yer kuniga 30 santimetr cho‘kayotganini aytsak, bu falokatdir”, dedi u.
Prezident bu holatni “milliy halokat” deb atab, ekologik muammolarni jamoatchilik, amaldorlar va ilmiy doiralar har kuni muhokama qilishi zarurligini aytdi. Eron meteorologiya tashkilotlari huzuridagi Milliy ob-havo bashorati markazining ma’lum qilishicha, butun mamlakat bo‘ylab yog‘ingarchilik miqdori uzoq yillik o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 89 foizga kamaygan. Joriy kuz Eron uchun so‘nggi 50 yildagi eng quruq mavsum bo‘ldi.
Noyabr boshida ikki hafta ichida Tehronda ichimlik suvi tugashi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Pezeshkiyon poytaxtning 15 million aholisi evakuatsiya qilinishi ehtimolini ham tan olgandi. Shuningdek, Eron rasmiylari mamlakatda yog‘ingarchilikni sun’iy chaqirish maqsadida bulutlarni ko‘paytirish texnologiyasini qo‘llashni boshlaganini bildirdi. Ayni paytda Eron hukumatining keyingi qarori va ko‘chirish jarayonining qaysi hududga yo‘naltirilishi haqida rasmiy ma’lumotlar kutilmoqda.