Yaqin Sharqda mijozlarini tashlab ketayotgan o‘zbekistonlik turoperatorlar ogohlantirildi
Jamiyat
−
07 mart 7884 2 daqiqa
Avvalroq, Yaqin Sharqdagi mojaro sabab joriy yil 28 fevraldan buyon ushbu mintaqadan qaytarilgan o‘zbekistonliklar soni 17 152 nafarga yetgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston Transport vazirligi urush fonida Yaqin Sharqda mijozlarini tashlab ketayotgan turoperatorlarni ogohlantirdi.
“Holatning eng achinarli tomoni turoperatorlar va agentlar tomonidan o‘z mijozlarini tashlab ketish va ular bilan aloqani uzish, shuningdek, yuzaga kelgan fors-major holatida yo‘lovchilarni tezkor ma’lumotlar bilan ta’minlamay, ijtimoiy tarmoqlarda videoroliklar tarqatish orqali manipulyatsiya qilish, o‘z majburiyatlarini bajarish o‘rniga yo‘lovchilarni elchilar va konsullar bilan qoldirib ketish holatlariga guvoh bo‘linmoqda. Barcha tur paketlar mehmonxonalar, aviaqatnovlar, transferlar va sug‘urta polislarini o‘z ichiga oladi”, deyiladi vazirlik bergan xabarda.
Qayd etilishicha, sug‘urta polisi shartlariga muvofiq fors-major holatlarda sug‘urta polislarini yo‘lovchilarning mehmonxona, transport va evakuatsiya bo‘yicha barcha xarajatlarini qoplashi belgilangan. Buning uchun turoperatorlar va agentlar barcha ishlarni tizimli to‘g‘ri tashkillashtirishi talab etilgan.
Transport vazirligi barcha turoperatorlar va agentlardan yuzaga kelgan fors-major holatida ham iste’molchilar huquqlarini so‘zsiz ta’minlash, mijozlar bilan tuzilgan shartnoma shartlarga to‘liq rioya etish va har bir fuqaro bilan muntazam aloqani ta’minlagan holda ularga tezkor yordam ko‘rsatishga chaqirgan.
Shuningdek, aviakompaniyalar bilan amaldagi shartnomalardan unumli foydalangan holda aviachiptalarni parvozlar amalga oshirilayotgan shaharlardagi muntazam aviaqatnovlarga o‘zgartirish orqali o‘z mijozlarini xavfsiz hududga olib chiqishda hukumat bilan birgalikda harakatlanishi aytilgan.
“Barcha rezident va xorijiy aviakompaniyalarni xalqaro aviatashuvlar qoidalari hamda O‘zbekiston va xorijiy davlatlar o‘rtasida imzolangan aviatashuvlar to‘g‘risidagi xalqaro bitim shartlariga amal qilish, o‘z majburiyatlarini bajarish, ishlarni tizimli tashkil qilish sug‘urta polislaridan to‘g‘ri foydalanish, aviakompaniyalar va davlatlar imijiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilishga chaqiradi”, deb qo‘shimcha qilingan xabarda.
Ayni vaqtda Quvayt, Qatar va Bahraynga yaqin bo‘lgan Saudiyaning Dammam va Riyoz aeroportlaridan barcha xalqaro yo‘nalishlarda muntazam aviaqatnovlar cheklovlarsiz amalga oshirilmoqda va aviachiptalar sotuvi amalda mavjud.
Shuningdek, turoperatorlar aviachiptalarni va parvoz mavjud bo‘lgan yo‘nalishlarga qayta rasmiylashtirib ishni tizimli tashkil etish imkoniyatiga ega. Saudiyaning Jidda va Madina yo‘nalishlaridagi parvozlar har doimgidek to‘liq shtat holatida amalga oshirilishi aytilgan.
Fuqarolardan ehtiroslarga berilmaslik o‘z turoperator va agentlari bilan doimiy aloqada bo‘lishi so‘ralgan.
Live
Barchasi