Yana bir davlat 2036 yilgi Olimpiadaga mezbonlik qilish istagini bildirdi

Sport

image

Qatar Olimpiya qo‘mitasi 2036 yilgi Olimpiada va Paralimpiya o‘yinlariga mezbon mamlakatni tanlash jarayoni doirasida Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi bilan muzokaralar o‘tkazilayotganini tasdiqladi. Bu haqda Qatar Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

“2036 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilish bo‘yicha davom etayotgan muloqotdagi ishtirokimiz sportni taraqqiyotning harakatlantiruvchisi va xalqlar o‘rtasida o‘zaro tushunish hamda tinchlikni mustahkamlash platformasi sifatida ko‘radigan milliy qarashni aks ettiradi. Biz sportni milliy strategiyamizning markaziy elementiga aylantirdik va bugungi kunda mintaqaviy va global miqyosda ushbu rolni oshirishni maqsad qilib qo‘ymoqdamiz”, degan Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Joan bin Hamad Ol-Tani.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda mamlakatda Olimpiada o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan sport infratuzilmasining 95 foizi tayyor.

Qatar Yaqin Sharqda Olimpiada o‘yinlarini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritgan birinchi davlatga aylanishi mumkin. 2022 yilda mamlakat futbol bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilgan va 10 yil ichida uning hududida Olimpiya yo‘nalishlari bo‘yicha jami oltita jahon chempionati o‘tkazilgan.

Qayd etish joiz, Qatardan tashqari Hindiston, Meksika, Turkiya, Indoneziya va Polsha ham 2036 yilgi Olimpiadani o‘zida o‘tkazish bo‘yicha Xalqaro Olimpiya qo‘mitasiga so‘rov jo‘natgan.

Ma’lumot uchun, Los-Anjeles 2028 yilgi yozgi o‘yinlarga mezbonlik qiladi. 2032 yilgi Olimpiya o‘yinlari esa Avstraliyaning Brisben shahrida bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning 2036 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilish uchun rasmiy arizasi Bosh vazir Narendra Modi tomonidan e’lon qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qatar Paralimpiya Olimpiya qo'mitasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing