Valuyev ham Markaziy Osiyo davlatlariga tahdid qildi (video)
Olam
−
23 yanvar 21848 3 daqiqa
Rossiya 30 yildan buyon sobiq sovet respublikalariga nisbatan “yumshoq siyosat” qo‘llagan. Endi ularga qattiq choralar ko‘rish zarur. Bu haqda rossiyalik sportchi, og‘ir vazn toifasidagi sobiq jahon chempioni Nikolay Valuyev aytdi.
Valuyevning tahdidicha, Rossiya tomonidan kelajakda yana bir nechta maxsus operatsiyalar o‘tkazilishi muqarrar. U bu borada Rossiyadagina faylasuf deb tan olinuvchi Aleksandr Duginning qarashlarini to‘g‘ri deb hisoblashini bildirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 30 yil davomida Rossiya sobiq sovet respublikalariga nisbatan “yumshoq siyosat”, ya’ni rag‘batlantirish va imtiyozlar berish yo‘lini tutgan, biroq bu kutilgan natijani bermagan. Shu sababli endi “qattiq choralar” zarur, deb ochiq tahdidli fikrni ilgari surgan.
U yoshlarni, xususan “zumerlar” avlodini jismoniy tayyorgarlikka chaqirib, sport zallariga borishni va “erkaklarga xos sport turlari” bilan shug‘ullanishni tavsiya qilgan. Uning ta’kidlashicha, ular uchun “qahramonlar vaqti” keladi va bu uzoq emas.
“Bizni bir nechta maxsus operatsiya kutmoqda. Buyuk faylasuf Dugin haq. Biz 30 yildan beri postsovet respublikalariga shirinlik berib kelmoqdamiz, ammo bu yordam bermadi. Bizga tayoq kerak”, degan sportchi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Rus dunyosi” mafkurasining asoschilaridan biri hamda kremlparast propagandist Aleksandr Dugin Sobiq SSSR tarkibida bo‘lgan mamlakatlar, jumladan O‘zbekistonning ham mustaqilligini qabul qilib bo‘lmasligi haqida gapirgandi.
Qolaversa, 10 yanvar kuni rossiyalik teleboshlovchi, Kremlga yaqin yana bir propagandist Vladimir Solovyov o‘zining jonli efirida Ukraina hududiga uyushtirilgan “maxsus harbiy amaliyot”ni “Rossiya ta’sir doirasidagi boshqa hududlarda” ham, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari va Armanistonda o‘tkazish zarurligini aytgandi.
Solovyovning fikricha, Rossiya hozir qaysi hududlar unga tegishli ekanini aniq va qat’iy aytishi lozim. Shuningdek, jurnalist bu harakatlar yo‘lida xuddi Ukrainaga qilingan yurish kabi “maxsus harbiy amaliyot” boshlash zarurati borligini aytgan.
Oradan biroz vaqt o‘tib, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova Solovyovning Rossiya Markaziy Osiyo va Armanistonga “maxsus harbiy operatsiya” boshlashi kerakligi haqidagi gaplariga munosabat bildirdi.
Zaxarovaning qayd etishicha, rossiyalik jurnalistning fikrlari rasmiy Moskvaning pozitsiyasini ko‘rsatmaydi va jurnalist bu gaplarni o‘zining kanalida aytgan, xolos. Zaxarova rasmiy bayonotni vakolatli shaxslar berishi bu divanda yotib olib gapiradigan tahlilchilarning ishi emasligini qo‘shimcha qilgan.
O‘zbekistonda “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov Solovyovning mazkur gaplariga munosabat bildirdib, uning gaplarini “safsata” o‘zini esa “nusxa” deb atagandi.
“Solovyovning gaplariga tupurdik, uning imperiyalistik ambitsiyalariga ham tupurdik. Biz unga so‘zma-so‘z tarjimada shunday ma’noni beradigan o‘zbekcha iborani o‘rganishni tavsiya qilamiz: borib, o‘z bulbuling bilan o‘yna”, degan Bekmurodov.
Live
Barchasi