Yaponiyada 100 yoshga kirganlar soni qariyb 100 ming kishiga yetdi
Olam
−
13 Sentabr 3333 2 daqiqa
Joriy yilning 1 sentyabr holatiga ko‘ra, Yaponiyada 100 yoshga kirganlar soni 99 763 kishiga yetib, yangi rekord o‘rnatdi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, NHK telekanali xabar berdi.
“Rezidentlarning asosiy reyestriga ko‘ra, Yaponiyada yashovchi yuz va undan katta yoshdagilar soni o‘tgan yilga nisbatan 4644 kishiga ko‘payib, 99 763 kishini tashkil etdi”, deyiladi xabarda.
Bu ko‘rsatkich 1970 yildan buyon ketma-ket 55 yil davomida qayd etilayotgan eng yuqori natija hisoblanadi. Uzoq umr ko‘ruvchilar orasida ayollar eng ko‘p – ularning soni 87 784 nafar, ya’ni umumiy miqdorning 88 foizini tashkil etadi. E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiyaning eng keksa insoni 114 yoshli Shigeko Kagava bo‘lib, u Nara prefekturasining Yamatokoriyama shahrida yashaydi.
Eng keksa erkak esa 111 yoshli Mizuno Kiyosi. U Sidzuoka prefekturasining Ivata shahrida istiqomat qiladi. Aholiga nisbatan yuz yosh va undan katta yoshdagilar eng ko‘p uchraydigan hududlar sifatida Simane, Kochi va Tottori prefekturalari qayd etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda Yaponiyada ayollarning umr davomiyligi bo‘yicha 40-marta jahon rekordini yangilangan. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yapon ayollarining o‘rtacha umr davomiyligi 87,13 yilni tashkil etadi. Erkaklarda bu ko‘rsatkich 81,09 yilni tashkil etmoqda va 2023 yildan beri o‘zgarmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston tarixida ilk bor 130 yoshli shaxsning tug‘ilganlik fakti belgilangani haqida xabar berilgan edi. Farg‘ona viloyatining Buvayda tumani Adliya bo‘limi tomonidan kiritilgan da’vo ariza qanoatlantirilib, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudining Buvayda tumani “Qoraqum” MFYda o‘tkazgan sayyor sud majlisida Umarova (Toshmatova) Huvaydoning 1895 yil 1 yanvarda Buvayda tumanida tug‘ilganlik fakti belgilangan.