Yaponiyada ijtimoiy tarmoqlar uchun yosh cheklovlari joriy etilishi mumkin
Olam
−
23 aprel 1666 1 daqiqa
Yaponiya rasmiylari ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga yosh bo‘yicha cheklovlar joriy etish imkoniyatini “qaramlikka qarshi kurash chorasi” sifatida muhokama qilmoqda. Bu haqda “Nikkei” nashri xabar berdi.
Hozirda tegishli vazirliklar bilan, jumladan qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish masalasi yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda. Ushbu jarayon yoz oylariga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Qonuniy tartibga solishning muayyan shakli 2027 yilgacha qabul qilinishi mumkin.
Xususan, ijtimoiy tarmoqlarga egalik qiluvchi kompaniyalardan sukut bo‘yicha yoshga mos kontent filtrlash tizimini joriy etish talab qilinishi rejalashtirilmoqda. Aniq yosh chegaralari keyinroq belgilanadi. Shuningdek, har bir platforma bilan bog‘liq “qaramlik xavfi”ni baholash tizimini yaratish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.
O‘tgan yilning oxirida shunga o‘xshash cheklov Avstraliyada joriy etilgan – 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarga kirish cheklangan. Agar platformalar akkaunt ochilishining oldini olish choralarini ko‘rmasa, ularga jarima solinishi mumkin. Jarima miqdori 50 million Avstraliya dollarigacha yetadi.
2024 yilda Norvegiyada ham ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bo‘yicha cheklovlar kuchaytirildi. Ilgari bolalarga 13 yoshdan foydalanishga ruxsat berilgan bo‘lsa, hukumat bu chegarani 15 yoshgacha oshirishga qaror qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gretsiyada 2027 yilning 1 yanvaridan boshlab 15 yoshdan kichik o‘smir bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi taqiqlanishi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi