Yaponiyada aholi soni rekord darajada kamaydi
Olam
−
29 may 4521 2 daqiqa
2025 yilda Yaponiya aholisining umumiy soni 123 million kishini tashkil etdi. Bu 2020 yilgi ko‘rsatkich bilan solishtirganda 3,09 million kishiga kam degani. Bunday ma’lumotlar Yaponiya Ichki ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilingan milliy aholini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalarida keltirilgan.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, Yaponiya aholisining umumiy soni (xorijliklarni ham hisobga olgan holda) 123 million 49 ming 524 kishini tashkil etdi. Bu 2020 yilgi ko‘rsatkichdan 2,5 foizga kam degani. Aholi soni faqat Tokio va Okinavada o‘sgan, qolgan barcha hududlarda esa kamayish kuzatilmoqda. Shu bilan birga, mamlakatdagi barcha aholining 30,1 foizi aynan Yaponiya poytaxti hissasiga to‘g‘ri keladi – u yerda qariyb 37 million kishi istiqomat qiladi.
Yaponiyada aholi sonining kamayishi 2015 yilgi ro‘yxatga olishdan boshlab ketma-ket uchinchi marta qayd etildi va bu kuzatuvlar tarixidagi eng sezilarli pasayish hisoblanadi. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu tug‘ilishning kamayishi va aholining qarishi bilan bog‘liq. Tug‘ilish darajasi ham pasayib borayotgani sababli, vazirlik ushbu tendensiya keyinchalik ham saqlanib qolishini prognoz qilmoqda.
Ichki ishlar vazirligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Yaponiyada taxminan 706 ming bola dunyoga kelgan – bu 2024 yildagiga nisbatan 2,1 foizga kam demakdir. Mamlakatda tug‘ilish darajasi ketma-ket o‘ninchi yildirki pasayib bormoqda.
2024 yilda Yaponiyada aholining tabiiy kamayishi (o‘lim sonining tug‘ilish sonidan ko‘pligi) 900 ming kishidan oshib ketgan. Mamlakatda aholi sonining qisqarishi 16 yildan beri davom etmoqda va bu 1968 yilda kuzatuvlar boshlanganidan beri eng yuqori ko‘rsatkichga aylandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilda Xitoy aholisi ketma-ket to‘rtinchi yil keskin kamaygani, tug‘ilish esa rekord darajada pastlagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi