Yaponiyaga shiddatli tayfun yopirildi (video)
Olam
−
02 iyun 3825 2 daqiqa
Bugun, 2 iyun tongida Yaponiyaning Okinava oroliga tayfun yopirildi, buning oqibatida 15 dan ortiq kishi jarohatlandi. Noqulay ob-havo tufayli elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda, 300 dan ziyod aviareys bekor qilingan. Bu haqda “Ryukyu Shimpo” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Okinava oroliga “Jangmi” tayfuni yopirilgan. Uning markazida bosim 975 gektopaskalni, shamol tezligi soniyasiga 25 metrni, shiddatli shamol esganda esa soniyasiga 35 metrgacha yetgani qayd etilgan.
Yaponiya Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi Minoru Kiharaga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida 47,9 ming xonadon chiroqsiz qolgan, 330 dan ortiq aviareys qoldirilgan. Shuningdek, qator avtomobil va temir yo‘llarda harakat to‘xtagan.
Qayd etilishicha, “Jangmi” tayfuni janubiy Okinavadan shimoli-sharqqa tomon harakatlanmoqda. Keyinchalik uning ta’siri ostida Sikoku oroli va Xonsyu orolining sharqiy qirg‘oqlari qolishi mumkin. Tayfun oqibatida 15 dan ortiq kishi yengil jarohat olgan.
Munitsipal yong‘in-qutqaruv xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, bugun, 2 iyun tongiga qadar Ginovan shahrida uy-joylarning qisman shikastlanishi bilan bog‘liq oltita holat qayd etilgan. Hukumat zarar ko‘lamini aniqlashtirish maqsadida 3 iyun kuni tezkor shtabning qo‘shimcha yig‘ilishini o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Ie qishlog‘ida elektr uzatish tarmoqlarini tiklash ishlari davomida 30 yoshlar atrofidagi erkak bilan bog‘liq jiddiy baxtsiz hodisa yuz bergan. Ishchi bo‘rondan keyin osilib qolgan simlarni ta’mirlayotganda tok urishi oqibatida hushsiz holda topilgan. U oroldan tashqaridagi shifoxonaga yuborilgan.
Noqulay ob-havo tufayli bir nechta davlat va maxsus maktablar yopilgan, 28 ta munitsipalitetda esa boshlang‘ich va o‘rta maktablarda darslar bekor qilingan. Okinava gubernatori Denni Tamaki tegishli idoralarga aholi va favqulodda xizmatlar xodimlarining xavfsizligiga birinchi darajali e’tibor qaratishni, shuningdek, tayfun oqibatlarini bartaraf etish ishlarini jadallashtirishni topshirgan.
Live
BarchasiPashinyanning qushi uchmadi
03 iyun