YeI Ukrainaning “teskari a’zoligi”ni rad etdi
Olam
−
05 mart 4435 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Ukrainaga taklif etilgan “teskari a’zolik” modeliga salbiy munosabat bildirdi. Bryusselda Yevropa Komissiyasi va davlat elchilari ishtirokida o‘tgan norasmiy uchrashuvda bu g‘oya amalda qo‘llab-quvvatlanmadi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Taklifga ko‘ra, Ukraina rasman Yevropa Ittifoqiga a’zo sifatida qabul qilinishi, ammo ovoz berish huquqi, qishloq xo‘jaligi subsidiyalari va mintaqaviy rivojlanish jamg‘armalari kabi asosiy imtiyozlarni bosqichma-bosqich olishi kerak edi. Boshqacha aytganda, odatda a’zolikkacha bajariladigan shartlar keyinchalik amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Biroq diplomatlar fikricha, bunday yondashuv Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonining ishonchliligiga putur yetkazishi mumkin. Shuning uchun aksariyat davlatlar Ukraina bilan integratsiyani qo‘llab-quvvatlasa-da, a’zolik jarayoni odatdagi talablar va mezonlar asosida amalga oshirilishi kerakligini ta’kidladi.
Muhokamalar Rossiya bilan urush davom etayotgan sharoitda o‘tmoqda. Ukraina Yevropa Ittifoqiga a’zolik bo‘yicha tezlashtirilgan jarayonni talab qilmoqda. Prezident Vladimir Zelenskiy hatto kelajakdagi tinchlik kelishuvida aniq a’zolik sanasi belgilab qo‘yilishini taklif etgan va 2027 yilni maqsad sifatida tilga olgan.
Shunga qaramay, Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen aniq sana belgilash hozircha mumkin emasligini aytgan. Yevropa davlatlari ham Kiyevga siyosiy va iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyor ekanini aytmoqda, ammo a’zolik masalasi uzoq va murakkab muzokaralarni talab qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Yaqin Sharqda uzoq davom etadigan urush Ukrainaga qurol yetkazib berishga ta’sir qilishi mumkinligidan xavotir bildirgan edi.
Live
Barchasi