YeIning Grenlandiya bo‘yicha favqulodda sammiti qachon o‘tkazilishi aytildi
Olam
−
19 yanvar 1688 2 daqiqa
Yevrokomissiya (YeK) 22 yanvar kuni Grenlandiya atrofida AQSH bilan mojaro bo‘yicha Yevropa Ittifoqining favqulodda sammiti o‘tkazilishini tasdiqladi. Bu haqda Bryusselda bo‘lib o‘tgan brifingda Yevrokomissiya vakili Olof Jill ma’lum qildi.
“22 yanvar kuni transatlantik munosabatlar bo‘yicha Yevropa kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi”, deydi u.
Avvalroq, Yevrokengash rahbari Antoniu Koshta Grenlandiya muammosi va buning transatlantik munosabatlarga ta’sirini muhokama qilish uchun shoshilinch sammit chaqirish niyatida ekanini ma’lum qilgan, biroq muddatlarga aniqlik kiritmagan.
17 yanvar kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida AQSH Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Niderlandiya, Norvegiya, Finlyandiya, Fransiya va Shvetsiyadan 10 foiz miqdorida boj undirishni boshlashi va tariflar Vashington tomonidan Grenlandiyani to‘liq va yakuniy sotib olish bo‘yicha kelishuvlarga erishmaguncha saqlanib qolishini ma’lum qildi. Ushbu qaror 1 fevraldan kuchga kiradi, 1 iyundan esa bojlar stavkasi 25 foizgacha oshiriladi.
Bundan tashqari, Amerika rahbari Yevropaning Grenlandiyaga o‘z kuchlarini yuborish niyatini tanqid qilib, buni juda xavfli o‘yin deb atadi. Shu bilan birga, Trampning ta’kidlashicha, orolga egalik qilish AQSH milliy xavfsizligini mustahkamlash va Amerikaning Golden Dome ("Oltin gumbaz") raketaga qarshi mudofaa tizimini samarali joylashtirish uchun zarur.
Bu bayonotlar Yevropada o‘ta hissiy reaksiyaga sabab bo‘ldi, biroq Yevropa Ittifoqining 27 mamlakati hozircha yagona javobni shakllantira olmadi, qolaversa, aniq qo‘shma javob choralarini taklif qila olmadi.
Live
Barchasi