Yevropa aviakerosin tanqisligiga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi, garchi hozirda tanqislik kuzatilmayotgan bo‘lsa-da, aviatsiya yonilg‘isining ehtimoliy defitsitiga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi. Bu haqda Bryusselda bo‘lib o‘tgan brifingda Yevropa komissiyasi rasmiy vakili Anna-Kaysa Itkonen ma’lum qildi. 

U YeIning xavotiri Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat bilan bog‘liqligini ta’kidlagan. 

“Agar Hormuz bo‘g‘ozidagi hozirgi vaziyat davom etsa, komissiya muvofiqlashtirilgan choralarni ko‘rishga tayyor bo‘ladi”, deydi u.

Itkonenning aniqlik kiritishicha, Yevropa neftni qayta ishlash zavodlari mintaqaning aviayonilg‘iga bo‘lgan ehtiyojining qariyb 70 foizini ta’minlaydi, qolgan qismi esa import hisobiga qoplanadi. Shu bilan birga, YeK vakili to‘liq defitsit kutishga asos yo‘qligini qayd etgan: jahon bozoriga yangi hajmdagi yonilg‘i kirib kelishda davom etmoqda. Shuningdek, u Yevroittifoqda qonunchilikka muvofiq shakllantirilgan strategik zaxiralar mavjudligini qo‘shimcha qilgan – YeIga a’zo davlatlar kamida 90 kunga yetadigan neft va neft mahsulotlari, jumladan, kerosin zaxirasiga ega bo‘lishlari shart.

Shunga qaramay, soha tashkilotlari yaqin oylarda uzilishlar bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) bosh direktori Uilli Uolsh may oyi oxiriga borib Yevropada yonilg‘i yetishmovchiligi sababli reyslar bekor qilinishi boshlanishi mumkinligini, Osiyoning ayrim hududlarida esa bunday muammolar allaqachon kuzatilayotganini aytgan.

Xalqaro energetika agentligi rahbari Fatix Birol “Associated Press”ga bergan intervyusida Yevropadagi mavjud aviakerosin zaxiralarini taxminan olti haftaga yetadi deb baholagan. Uning fikricha, Hormuz bo‘g‘ozi blokadasi tufayli yuzaga kelgan inqiroz o‘z ko‘lamiga ko‘ra avvalgi energetik silkinishlardan ustun turadi.

Ushbu xavflar fonida aviatsiya sohasi vakillari hukumatlarni favqulodda choralar ko‘rishga chaqirmoqda. “Bloomberg” yozishicha, Germaniyaning BDL assotsiatsiyasi hukumatga kerosinning strategik zaxiralarini ishga solishni, shuningdek, Frankfurt va Myunxen kabi yirik xablarga yetkazib berishni ko‘paytirish uchun NATO quvurlar tizimidan foydalanishni taklif qilgan. Bundan tashqari, tashkilot karbonat angidrid soliqlarini vaqtincha kamaytirish, ekologik yonilg‘iga qo‘yiladigan talablarni yumshatish va yo‘lovchilarga to‘lanadigan kompensatsiyalar bo‘yicha yengilliklar berish tarafdori bo‘lgan.

Avvallari Yevropadagi aviakerosin importining katta qismi Yaqin Sharqdan borgan, hozirda YeI davlatlari AQSHdan yetkazib berishga qayta yo‘naltirilmoqda. Biroq BDL qayd etishicha, yangi yetkazib berishlar yo‘qotilgan hajmning faqat yarminigina qoplay oladi.

Yonilg‘i narxining oshishi allaqachon aviatashuvchilar strategiyasida aks etmoqda. Xususan, Deutsche Lufthansa AG o‘zining CityLine mintaqaviy bo‘linmasini yopishini va iqtisodiy jihatdan kam samarador bo‘lgan samolyotlarni ekspluatatsiyadan chiqarishni tezlashtirishini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Evropa Ittifoqi aviakerosin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing