Ispaniya Bosh vaziri YeIni Isroil bilan kelishuvni to‘xtatishga chaqirdi

Olam

image

Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches xalqaro huquq me’yorlari buzilayotgani sababli Yevropa Ittifoqi Isroil bilan assotsiatsiya shartnomasini to‘xtatib turishi kerakligini aytdi. Bu haqda u bugun, 10 aprel kuni matbuot anjumanida so‘z ochdi.

“Shu sababli, kecha Ispaniya hukumati va shaxsan men izchillik hamda birdamlik nuqtai nazaridan Yevropa Ittifoqi Isroil bilan assotsiatsiya shartnomasini to‘xtatib turishi kerakligini taklif qildik. Chunki Isroil ushbu kelishuvning ko‘plab qoidalarini, birinchi navbatda xalqaro huquq va xalqaro gumanitar huquqqa rioya qilish bilan bog‘liq bandlarini buzayotgani kundek ravshan”, deydi u.

Sanchesning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa izchil harakat qilishi va “ikki yoqlama standartlar”dan voz kechishi kerak, chunki “global Janub”ning ko‘plab mamlakatlari uning xatti-harakatlarini kuzatib turibdi. U xalqaro huquqqa rioya qilish Yevropa Ittifoqining dunyo maydonidagi ishonchini saqlab qolish uchun asosiy shart ekanini ta’kidlagan.

Shuningdek, Sanches Yevropa Ittifoqi faqat xavotir bildirish bilan cheklanib qolmay, xalqaro gumanitar huquq buzilishiga javoban aniq qadamlar tashlashi lozimligini qayd etgan.

Ma’lumot uchun, bundan avval ham Ispaniya rasmiylari Isroilning ichki va tashqi siyosatiga oid qarorlarini bir necha bor tanqid qilgan. Shu bilan birga, Madrid hukumatning hech bir qarori Isroil davlati yoki uning xalqiga qarshi emasligini, balki urushga va xalqaro huquq buzilishiga qarshi qaratilganini ta’kidlab kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron o‘z raketalaridan biriga urushni qo‘llab-quvvatlamagan Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanchesning suratini va minnatdorlik so‘zlarini joylashtirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Isroil Pedro Sanches

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing