Yevropa Ittifoqi elektron yevroni joriy etmoqchi
Olam
−
04 fevral 948 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqi (YeI) o‘zining pul-kredit barqarorligini mustahkamlash uchun Yevropa Markaziy Bankiga bog‘langan raqamli yevroni joriy qilmoqchi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Yevropa Parlamenti a’zolari raqamli yevro bo‘yicha murosaga kelishishga harakat qilmoqda. Hujjatlarga ko‘ra, loyiha bo‘yicha qonunchilik jarayoni to‘xtab qolgan.
Kecha, 3 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’ruzachilar yangi elektron valyuta konsepsiyasining mohiyati borasida jiddiy kelishmovchiliklar mavjudligini ta’kidlagan.
Yig‘ilish kun tartibiga ko‘ra, Yevropa Parlamentida loyihani nazorat qilayotgan Yevropa Xalq partiyasi ma’ruzachisi Fernando Navarret elektron naqd pul bo‘yicha yangi taklifni taqdim etgan. Unga ko‘ra, ushbu model faqat oflayn to‘lovlar uchun va naqd pulning “tokenlangan raqamli shakli” sifatida ishlatiladi, foydalanuvchilarga Yevropa Markaziy Banki reyestrida chakana savdo hisoblarini taqdim etmaydi.
Sotsialistlar va demokratlar “Yevropani yangilash” partiyasi esa Yevropa Komissiyasining taklifini qo‘llab-quvvatlagan, bu taklif yevropaliklarga Yevropa Markaziy banki hisob raqamlarini ochish va raqamli yevrolardan nafaqat onlayn, balki oflayn rejimda ham foydalanish imkonini berishi haqida aytilgan.
Yevropa Parlamenti bu masala bo‘yicha hali pozitsiya bildirmagan yagona institut bo‘lib qolmoqda. A’zo davlatlar esa 2025 yilning dekabr oyida buni amalga oshirgan.
Raqamli yevro bo‘yicha ovoz berish joriy yilning may oyida Yevropa Parlamentining yalpi majlisida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Ammo qonun chiqaruvchilar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tashabbusning qabul qilinishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Agar Yevropa Parlamenti a’zolari uni qo‘llab-quvvatlasa, Yevropa Komissiyasi, Yevropa Parlamenti va Yevropa Kengashi siyosiy kelishuv bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi.
Aliqulov Javohir