Yevropa nikotin domidan chiqolmayapti – JSST
Olam
−
26 fevral 1464 2 daqiqa
Yevropa va Markaziy Osiyodagi 53 davlat 2030 yilga borib ham dunyoda tamaki mahsulotlari eng ko‘p iste’mol qilinadigan mintaqa bo‘lib qolishi mumkin. Umumiy ko‘rsatkichlar pasayayotganiga qaramay, elektron sigaretalar va nikotin mahsulotlari yoshlar orasida yangi to‘lqinni shakllantirmoqda. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hisobotiga tayanib, “Euronews” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 2024 yilda mintaqada 173 million kishi tamaki iste’mol qilgan. Har yili 1,1 milliondan ortiq o‘lim nikotin bilan bog‘liq yuqumli bo‘lmagan kasalliklar hissasiga to‘g‘ri keladi. 13–15 yoshli qariyb to‘rt million o‘smir turli tamaki mahsulotlaridan foydalanmoqda, elektron sigareta iste’moli esa shu yosh toifasida 14,3 foizga yetgan.
Hisobotda qayd etilishicha, ayollar orasidagi holat ayniqsa tashvishli: dunyodagi katta yoshli ayollarning 40 foizdan ziyodi aynan Yevropa hududiga to‘g‘ri keladi. Mintaqa 2025 yilga qadar ayollar o‘rtasida tamaki iste’molini 30 foizga qisqartirish maqsadiga erisha olmagan, 2010 yildan beri pasayish atigi 12 foizni tashkil etgan.
Mutahassislar yoshlarni nikotin qaramligidan himoya qilish va sog‘liq siyosatiga sanoat aralashuvini cheklash zarurligini aytmoqda. Shuningdek, Belgiya, Daniya va Niderlandiya kabi davlatlar yangi mahsulotlarni tartibga solish, ta’m beruvchi qo‘shimchalarni taqiqlash va reklamaga cheklov joriy etish orqali ijobiy namuna ko‘rsatayotganini ta’kidlangan. Hozircha 53 davlatdan faqat 18 tasida barcha jamoat joylarini qamrab olgan to‘liq chekish taqiqlari amal qiladi. Yevropa Ittifoqida tamakiga soliq qoidalarini yangilash bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda, ammo stavkalarni oshirish taklifiga ayrim a’zo davlatlar qarshilik bildirmoqda.