“Zapravka”lardagi portlashlar ortidan FVV murojaat bilan chiqdi (video)

Jamiyat

image

Favqulodda vaziyatlar vazirligi yoqilg‘i quyish, saqlash va tashish korxonalarining rahbarlariga murojaat bilan chiqib, ushbu ob’ektlarda texnika va yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashni so‘radi. 

Vazirlik yoqilg‘ilar bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida bu kabi yonish va portlash ehtimoli yuqori bo‘lgan ob’ektlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha alohida tartib o‘rnatilishi, yong‘inga qarshi vositalar doimiy soz holatda bo‘lishi hamda bu ishlarga mas’ul shaxslar tayinlanishi kerakligini aytgan. 

Qo‘shimcha qilinishicha, yong‘in vaqtidagi harakatlar bo‘yicha ishchi xizmatchilarning bilim va ko‘nikmalari tekshirilib turishi zarur. Shuningdek, suyultirilgan gaz benzin va dizel yoqilg‘isini rezervuarlarga to‘kish jarayonida yong‘in xavfsizligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratish kerak. 

Qolaversa, vazirlik aholiga ham murojaat yo‘llab, avtomobillardagi gaz balonlarini o‘z vaqtida nazoratdan o‘tkazib turish kerakligini bildirgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida joylashgan gaz quyish shoxobchasida portlash yuz bergandi. Qolaversa, Samarqand viloyatining Jomboy tumanidagi “zapravka”da ham yong‘in chiqqandi. Yong‘in oqibatida KIA Bongo, Damas va Gentra rusumli avtomobillar zararlangan.

Iyul oyida esa Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumani “Oltin dala” MFYda joylashgan gaz quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘lgan va buning oqibatida 4 kishi vafot etgandi. Ushbu halok bo‘lgan fuqarolarning oila a’zolariga 100 mln so‘mdan kompensatsiya to‘lab berildi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 205- (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 259- (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Aynan shu mahalladagi yana bir “zapravka”da avgust oyi boshida portlash bo‘ldi. 8 avgust kuni Xorazm viloyatining Urganch shahrida joylashgan avtomobillarga mobil yoqilg‘i quyish shoxobchasida katta yong‘in sodir bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

murojaat yong'in FVV

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing