Zargarlarning xomashyo bilan bog‘liq birorta muammosi bo‘lmasligi kerak – Prezident
Jamiyat
−
26 may 2570 3 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga joriy yilning o‘zida xomashyo, laboratoriya, o‘quv markazi, shou-rum va do‘konlari bir joyda bo‘lgan yana 6 ta markazni ishga tushirish, xorijiy dizayner va texnologlarni jalb qilib, zargarlarni o‘qitishni topshirdi. Bu haqda bugun, 26 may kuni mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
“Hamma eshitib olsin. Zargarlarning xomashyo bilan bog‘liq birorta muammosi bo‘lmasligi kerak”, dedi Prezident.
Shu maqsadda bu yil birjaga chiqariladigan oltin hajmi 6 tonnadan 8 tonnaga oshiriladi.
Xorijiy tajriba asosida Yakkasaroy tumani, Andijon va Xivada ishlab chiqaruvchilarga ham, investorlarga ham jozibador zargarlik markazlari ochildi. Bunday markazlar butun respublika bo‘yicha barpo qilinishi belgilandi.
Yangi zargarlik markazlari ishga tushgan Toshkent shahri, Andijon va Xorazmda, bu yil bunday markazlar ochilishi reja qilingan Buxoro, Namangan, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida hamda qolgan hududlarda ehtiyojdan kelib chiqib oltin zaxirasi yaratiladi.
“Ochiq aytish kerak, tartib-intizom, shaffof tizim bo‘lmagan sohada “katta sakrash” qilib bo‘lmaydi. Shuncha sharoitdan keyin ham “soya”da ishlayotganlarga nisbatan qonun ustuvorligi ta’minlanadi”, dedi Prezident.
Asillik inspeksiyasi Soliq qo‘mitasi va Bosh prokuratura bilan birgalikda zargarlik sohasida qat’iy nazorat o‘rnatishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi. Tadbirkorlar zargarlik buyumini Asillik inspeksiyasidan tamg‘alatib, kirim qilishiga bir oy vaqt berilishi belgilandi. Umuman, mutasaddilarga sohani chuqur tahlil qilib, “xomashyo – ishlab chiqarish – savdo” zanjiridagi barcha ishtirokchilarni “soya”dan chiqib ishlashini rag‘batlantiradigan tizim ishlab chiqish topshirildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2024 yilda zargarlikda ishlab chiqarish 200 million dollardan oshdi, eksport 17 foizga o‘sib, 92 million dollarga yetgan. Shu bilan birga, mamlakatda yiliga 100 tonnadan ziyod oltin qazib olinayotgani bilan imkoniyatlarning o‘ndan biri ham ishga solinmayotgani qayd etildi.
Sohada “xufiyona” iqtisodiyot ulushi yuqori ekani ko‘rsatib o‘tildi. Yiliga 550-600 million dollarlik buyumlar norasmiy tilla bozorlarida aylanmoqda. Yoki, mustaqil izlovchilar 2020 yilda 40 kilogramm oltin topshirgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu 100 karra kamaygan.
Yig‘ilishda sohani “soya”dan chiqarish uchun yakka tadbirkorlarga ham tilla buyumlari bilan savdo qilishga ruxsat berish, zargarlikda milliy brend yaratish uchun xorijdan dizayner, texnolog, qimmatbaho toshlar bilan ishlaydigan gemmologlarni olib kelish xarajatining bir qismini qoplash bo‘yicha takliflar bildirildi. Davlat rahbari ushbu takliflarni ma’qulladi.
Shuningdek, endilikda zargarlar ham yakka tadbirkor sifatida tilla buyumlari savdosi bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi. Mutasaddilarga joylardagi norasmiy zargarlik rastalarini zamonaviy ko‘rinishga keltirib, ularning faoliyatini qonuniylashtirish topshirildi.
Chetdan mutaxassis olib kelish xarajatining 2,5 ming dollargacha qismi kamida 5 nafar shogird chiqarish sharti bilan qoplab beriladi. Umuman, zargarlikda ham sanoat usuliga o‘tib, ichki bozorni himoya qilish va milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash vaqti kelgani qayd etildi. Buning uchun zargarlik sanoatida ishlatiladigan uskunalar va ularni butlovchi qismlari import bojidan ozod qilinadi.
Navoiy va Olmaliq kombinatlaridan oltinni bo‘lib to‘lash asosida sotib olish tartibi yana 3 yilga uzaytiriladi. Nufuzli brendlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ularning dizayni va qolipini olib kelish xarajatining 30 ming dollargacha qismi qoplab beriladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur videoselektor yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev mebel tannarxini pasaytirish uchun furnitura, aksessuar, bo‘yoq, kley, DSP kabi xomashyoga bojni kamaytirishga rozi bo‘lgandi. Mutasaddilarga 14 turdagi xomashyo, furnitura, aksessuar uchun 3 yil muddatga import bojini 1 foiz etib belgilash bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Live
Barchasi