Zelenskiy bilan uchrashishdan ma’no yo‘q – Putin (video)

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazish haqidagi taklifini rad etdi. Putin bu haqda Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, hozircha bunday muloqotdan ma’no ko‘rmayapti va urush faqat Moskva o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishganidan keyingina yakunlanadi. Rossiya rahbari Zelenskiyning urushni tugatish masalasini shaxsan muhokama qilish haqidagi murojaatiga javob berar ekan, Ukraina Prezidentining ochiq maktubini nosamimiy deb baholagan. 

“Bu maktubda ancha qo‘pol iboralar bor. Bu yuzma-yuz uchrashuv uchun sharoit yaratish maqsadidami yoki aksincha, bunday uchrashuv bo‘lmasligi uchunmi? Menimcha, ikkinchisi”, degan Putin. 

Bunga javoban Zelenskiy Kremlning pozitsiyasi Rossiyaning urushni tugatishga tayyor emasligini ko‘rsatishini aytgan.

“Rossiya tomoni yana urush yo‘lini tanlamoqda. Bu zaif javob. O‘ylaymanki, dunyodagi ko‘plab odamlar bu javobdan hafsalasi pir bo‘ladi”, degan Ukraina Prezidenti o‘zining videomurojaatida. 

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush beshinchi yiliga kirgan bo‘lsa-da, tinchlik muzokaralari amalda boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Manbalarning ta’kidlashicha, Moskva nazoratiga olgan hududlarni saqlab qolishni talab qilmoqda, Kiyev esa, bunday shartlarni qabul qilishdan bosh tortmoqda. 

Putin forumdagi chiqishida Rossiya harbiy amaliyotlarni faqat belgilangan maqsadlarga erishilgach to‘xtatishini yana bir bor aytgan. 

“Harbiy harakatlar, albatta bir kun kelib tugaydi. Biroq bu – biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishganimizdan keyin sodir bo‘ladi”, deb ta’kidlagan u. 

Shuningdek, Rossiya Prezidenti mamlakat iqtisodiyoti urush xarajatlari va G‘arb sanksiyalarining bosimi ostida inqirozga yuz tutgani haqidagi da’volarni ham rad etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya “suveren iqtisodiyot” modelini rivojlantirmoqda. 
Biroq rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya iqtisodiyoti 2026 yilning birinchi choragida 0,2 foizga qisqargan. Bu so‘nggi uch yil ichidagi ilk choraklik pasayish bo‘lib, urush va sanksiyalar ta’siri iqtisodiyotda sezilayotganini ko‘rsatmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga ochiq maktub yo‘llab, to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar jarayonini boshlash va davlat rahbarlarining shaxsiy uchrashuvini o‘tkazishni taklif qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Ukraina Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing