Zelenskiy Budanovga Yermakning o‘rnini egallashni taklif qildi
Olam
−
02 yanvar 3253 1 daqiqa
Bugun, 2 yanvar kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Kirill Budanovga Prezident devoni rahbari lavozimini taklif qildi. Bu haqda Ukraina rahbari o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Zelenskiyning yozishicha, u Budanov bilan uchrashuv o‘tkazgan va uchrashuv chog‘ida unga davlat rahbari devoniga rahbarlik qilish taklifini bildirgan.
“Bugun Ukraina xavfsizlik masalalariga, Mudofaa va xavfsizlik kuchlarini rivojlantirishga, shuningdek, muzokaralardagi diplomatik yo‘nalishga yanada ko‘proq e’tibor qaratishi lozim. Prezident devoni esa, avvalo, davlatimiz oldidagi aynan shu vazifalarni bajarishga xizmat qiladi”, deydi Zelenskiy.
Zelenskiy Budanov bunday lavozim uchun zarur tajribaga ega, deb hisoblaydi.
RBK Ukraina ma’lumotiga ko‘ra, hozirda Budanovni Prezident devoni rahbari etib tayinlash bo‘yicha barcha rasmiy tartib-taomillar boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil noyabr oyining oxirida Ukraina Milliy aksilkorrupsiya byurosi va Ixtisoslashtirilgan aksilkorrupsiya prokuraturasi hukumat mahallasida Prezident devoni rahbari Andrey Yermakka tegishli joylarda tintuvlar o‘tkazgan edi. Ko‘p o‘tmay, Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak iste’foga ariza bergani ma’lum bo‘ldi.