Zelenskiy Tramp bilan gaplashdi
Olam
−
05 avgust 4913 2 daqiqa
Bugun, 5 avgust kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH rahbari Donald Tramp bilan suhbatlashdi. Bu haqda Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
“Tashabbusli va samarali suhbat Prezident Tramp bilan bo‘ldi. Eng muhim masala, albatta, urushni to‘xtatishdir. AQSH Prezidentining adolatli va barqaror tinchlik uchun qilayotgan barcha sa’y-harakatlariga minnatdorlik bildiramiz. Qotilliklarni imkon qadar tezroq to‘xtatish zarur, biz buni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Agar rossiyaliklar urushni cho‘zmaganida, bir necha oy oldin ham janglar tugagan bo‘lardi”, deya yozgan Ukraina Prezidenti.
Qayd etilishicha, ikki davlat rahbarlari Ukraina va Qo‘shma Shtatlar pozitsiyalarini muvofiqlashtirgan. Vaziyat yuzasidan fikr almashilgan. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Kiyevga va boshqa shaharlarga qilingan hujumlardan to‘liq xabardor.
“Albatta, Rossiyaga qarshi sanksiyalar haqida ham gaplashdik. Ularning iqtisodiyoti tanazzulda va aynan shu sababli Moskvada Prezident Trampning qat’iyatiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bu ko‘p narsani o‘zgartirishi mumkin”, deya qo‘shimcha qilgan Zelenskiy.
Ukraina Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, suhbat davomida Yevropa davlatlari bilan umumiy himoya choralari muhokama qilingan.
“Niderlandiya, Shvetsiya, Norvegiya va Daniya tomonidan allaqachon qaror qabul qilindi – bir milliard dollardan ortiq mablag‘ AQSH qurol-yarog‘i uchun ajratiladi va bu Ukraina ixtiyoriga o‘tadi. Tashakkur! NATO davlatlari bilan hamkorligimiz davom etadi”, deya yozadi Zelenskiy.
Shuningdek, Ukraina rahbari Amerika bilan ikki tomonlama mudofaa aloqalari haqida ham gaplashilgani haqida bildirgan. Uning qayd etishicha, dronlar bo‘yicha kelishuv loyihasi allaqachon Ukraina tomonidan tayyorlangan.
“Bu eng kuchli kelishuvlardan biri bo‘lishi mumkin. Har bir amerikalikka minnatdorlik bildiraman – hayotimizni himoya qilayotganingiz uchun tashakkur. Rahmat sizga, Prezident Tramp!” degan Ukraina Prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Zelenskiy faqat qattiq bosimgina Kremlni yon berishga majbur qilishi mumkinligi va AQSH Prezidenti Donald Tramp bunga qodir ekanini aytgandi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin go‘yoki qurolli mojaroga barham berish uchun murosaga tayyor emas.