Rossiya Ukrainani genotsidda ayblab, sudga berdi
Olam
−
09 dekabr 4780 2 daqiqa
Gaagadagi BMT Xalqaro sudi Donetsk va Lugansk viloyatlari aholisiga nisbatan genotsid masalasi bo‘yicha Ukrainaga qarshi Rossiyaning qarshi da’vosini ko‘rib chiqishga qabul qildi. Sudning 5 dekabrdagi qarorida Rossiyaning Genotsidning oldini olish konvensiyasi bo‘yicha shikoyati qabul qilindi va ish yurituviga qo‘shilgani aytiladi. Bu haqda kecha, 8 dekabr kuni Sud matbuot xizmati xabar berdi.
Sud Ukraina tomonining Rossiyaning qarshi talablarini rad etish to‘g‘risidagi iltimosini qanoatlantirmadi. Sudning ta’kidlashicha, Rossiyaning murojaati “ikkinchi taraf da’vosining mohiyati bilan bevosita bog‘liq”.
Sud rasmiy bayonotida taraflar o‘z pozitsiyalarini asosiy masalalar yuzasidan taqdim etishi kerakligi bildirilgan. Ukraina 2026 yil 7 dekabrgacha javob dalillarini, Rossiya esa 2027 yil 7 dekabrgacha e’tirozlarini taqdim etishi shart qilib belgilandi.
BMT Xalqaro sudi 2024 yil fevralida Ukraina tomonidan 2022 yilda Rossiyaning keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan so‘ng berilgan da’voni ish yurituviga qabul qilgan. Kiyev bu da’voda Moskva Ukrainaning sharqida rus tilli aholiga nisbatan go‘yo genotsid sodir etilgani haqidagi soxta bahonani urush boshlash uchun ishlatganini ta’kidlaydi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga bostirib kirishini e’lon qilar ekan, urushning maqsadi “Donbass aholisiga nisbatan genotsidni to‘xtatish” deb bayonot bergan edi. Kiyev bu ayblovlarni rad etgan va sudga murojaat qilgan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Moskva agressiyani oqlash uchun “genotsid” atamasini manipulyatsiya qilgani uchun javobgarlikka tortilishi kerakligini ta’kidlagan.
Rossiyaning suddagi vakili da’voni to‘xtatishni talab qilgan, chunki Xalqaro sud bu masalani ko‘rib chiqishga yurisdiksiyaga ega emas deb hisoblagan. Sud esa Rossiyaning olti dalilidan beshtasini rad etib, faqat bittasini – Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi Genotsid konvensiyasini buzgan-buzmaganini sud hal qila olmasligini tasdiqlagan.
Sud, shuningdek, Ukrainaning Rossiya tomonidan “LNR” va “DNR”ni tan olish masalasi hamda genotsid da’vosini asos qilib urush boshlagani bo‘yicha qo‘ygan talablarini ko‘rib chiqishdan bosh tortgan. Sudning ta’kidlashicha, bu talablar Genotsid konvensiyasi doirasiga kirmaydi.
Shu tariqa sud hozircha faqat Rossiyaning Donbass aholisi bo‘yicha genotsid haqidagi iddaolariga oid Ukraina da’vosini ko‘rib bormoqda. Ishning mohiyati bo‘yicha asosiy muhokama hali boshlanmagan.
Live
Barchasi