Zelenskiy Tramp bilan uchrashuv oldidan ittifoqchilari bilan maslahatlashib oldi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun, 28 dekabr kuni Floridada AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuv arafasida bir qator Yevropa davlatlari rahbarlari bilan Kiyev hozir harakatlanayotgan “diplomatik yo‘l” hamda “eng muhim ustuvor vazifalar”ni muhokama qildi. Bu haqda Zelenskiy kecha, 27 dekabr kuni kechqurun o‘zining Telegram-kanalida xabar berdi.

Onlayn formatda o‘tgan suhbatda Germaniya kansleri Fridrix Mers, Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb, Fransiya Prezidenti Emmanyuel Makron, Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni, Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen, Polsha Bosh vaziri Donald Tusk, Niderlandiya Bosh vaziri Dik Sxoof, Norvegiya Bosh vaziri Yonas Gar Styore va Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson ishtirok etdi.

Shuningdek, muloqotga Kanada Bosh vaziri Mark Karni, NATO Bosh kotibi Mark Ryutte, Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshta hamda Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen ham qo‘shildi. Ukraina rahbari barchalariga “muvofiqlashuv va qo‘llab-quvvatlov” uchun minnatdorlik bildirdi va Tramp bilan uchrashuvdan keyin muloqotni davom ettirishga va’da berdi.

“Putin manipulyatsiya qila olmasligi va urushni haqiqiy hamda adolatli yakunlashdan qochib ketolmasligi uchun ham frontda, ham diplomatiyada kuchli pozitsiyalar kerak”, deb yozdi Vladimir Zelenskiy.

Shu orada 28 dekabr kuni Ukrainadagi urushni tugatishning ehtimoliy shartlarini muhokama qilishga bag‘ishlangan Vladimir Zelenskiy va Donald Tramp uchrashuvi mahalliy vaqt bilan soat 15:00 dan 13:00 ga ko‘chirildi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar qildi, biroq ko‘chirish sababi aytilmadi.

Tramp Zelenskiyni Palm-Bich kurort shahrida joylashgan o‘z rezidensiyasi – Mar-a-Lagoda qabul qilmoqchi. Ukrainadagi “Suspilne. Novini” onlayn nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina Prezidenti 27 dekabr kechqurun AQSHga yetib kelgan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Ukraina Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing