Eron Jahon chempionatida ishtirok etmasligi mumkin

Sport

image

Eron terma jamoasi 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatida ishtirok etmasligi mumkin. Bu haqda Eron Futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Toj Ispaniyaning “Marca” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, so‘nggi voqealar va AQSH tomonidan uyushtirilgan hujumlar sababli eronlik futbolchilar 2026 yil yozida AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkaziladigan jahon chempionatida qatnashmasligi ehtimoli yuqori.

“Jahon chempionatida ishtirok etishimiz dargumon, biroq bu masalada yakuniy qarorni sport tashkilotlari rahbarlari qabul qiladi”, degan federatsiya rahbari.

Eron terma jamoasi saralashdan muvaffaqiyatli o‘tib, G guruhidan joy olgan. Qur’a natijasiga ko‘ra, bu guruhda uning raqiblari Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya bo‘lishi kerak edi. Agar Eron musobaqadan chiqsa, uning o‘rnini boshqa jamoa egallashi mumkin, ehtimoliy variant sifatida Rossiya terma jamoasi ham tilga olinmoqda.

AQSH–Isroil–Eron urushi

Kecha, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.

Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.

Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga “immunitet” olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.

Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Jahon chempionati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing