Janubiy Koreyada yo‘lovchilarni olib ketayotgan parom qoyaga to‘qnashdi 

Olam

image

Janubiy Koreyada 267 kishini olib ketayotgan Queen Jenuvia-2 paromi Chansan oroli yaqinida qoyaga urildi. Bu haqda “Kyeonggi Ilbo” gazetasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, parom bortida 246 nafar yo‘lovchi va 21 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Ular Jeju shahridan Mokpo shahriga yo‘l olgan. Mahalliy vaqt bilan soat 20:17 atrofida kema qoyaga urilib, to‘xtab qolgan.

Sohil qo‘riqlash xizmati voqea joyiga bir nechta qayiqlarni yuborgan. Jumladan, 17 ta patrul kemasi, 4 ta qirg‘oq-qutqaruv kateri, 1 ta samolyot va maxsus qutqaruv guruhi safarbar qilingan. Mutaxassislar korpusning shikastlangani va suv kirishini tekshirmoqda. Hozirda paromning cho‘kib ketish yoki ag‘darilish xavfi yo‘q.

Qutqaruvchilar odamlarni evakuatsiya qilgan. Sohil qo‘riqlash xizmatiga ko‘ra, 27 kishi qoyaga urilish oqibatida yengil jarohat olgan, boshqa talafotlar qayd etilmagan.

Hodisa yuz berilgan hudud 2014 yilda 300 dan ortiq o‘quvchi bilan cho‘kib ketgan Sevol paromi halokati sodir bo‘lgan joyga yaqin. O‘shanda parom ag‘darilib, cho‘kib ketgan edi.

Ma’lumot uchun, Queen Jenuvia-2 – Seaworld Express Ferry kompaniyasiga tegishli, uzunligi 170 metr, balandligi 14,5 metr bo‘lgan yirik kema. Uning maksimal sig‘imi 1 010 yo‘lovchi, yuk ko‘tarish quvvati esa 3 552 tonnani tashkil etadi. U 2021 yil dekabrda ishga tushirilgan va 2024 yil fevralidan boshlab Mokpo–Jeju yo‘nalishida qatnay boshlagan. Hodisa vaqtida parom bortida 118 ta avtomobil ham bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Misrda bortida 220 nafar sayyoh bo‘lgan kema yonib ketgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya orol Chansan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing