Janubiy Koreyani kuzatayotgan dron urib tushirildi
Sport
−
19 iyun 2144 2 daqiqa
Meksika harbiylari Janubiy Koreya milliy terma jamoasining mashg‘uloti o‘tkazilayotgan sport majmuasi ustida uchgan dronni urib tushirdi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Janubiy Koreya terma jamoasi Meksikaga qarshi uchrashuv oldidan Sapopan shahrida yopiq mashg‘ulot o‘tkazgan. Qizish mashqlari vaqtida jamoa xavfsizlik xizmati xodimi maydon ustida uchib yurgan dronni payqagan va bu haqda Meksika harbiylariga xabar bergan. Shundan so‘ng, harbiylar dronni urib tushirgan.
Janubiy Koreya futbol assotsiatsiyasining ma’lumotiga ko‘ra, dronni boshqargan bo‘lishi mumkin bo‘lgan ikki nafar shaxs qurilmani olib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar yetib kelguniga qadar voqea joyini tark etgan. Assotsiatsiya mahalliy politsiyadan hodisa yuzasidan tekshiruv o‘tkazishni so‘ragan.
“Kecha mashg‘ulotlarimiz vaqtida dron bilan bog‘liq voqea haqida xabar topdim. Yaxshiyamki, bu taktik mashqlarni boshlashimizdan oldin sodir bo‘ldi va tayyorgarligimizga jiddiy ta’sir ko‘rsatmadi”, deydi Janubiy Koreya terma jamoasi bosh murabbiyi Xon Myon Bo.
Shu bilan birga, mutaxassis bunday holat muhim o‘yin oldidan tayyorgarlik jarayonida yuz berganidan afsusda ekanini ta’kidladi. Meksika rasmiylarining xabar berishicha, so‘nggi kunlarda stadionlar va terma jamoalar joylashgan hududlar yaqinidagi taqiqlangan hududlarga kirishga uringan bir nechta dronlar urib tushirilgan. Bunday holatlar kamida 3 ta turli shaharlarda qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, Meksika va Janubiy Koreya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bugun, 19 iyun kuni Sapopan shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda mezbonlar 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Live
Barchasi