JCHga chiqish butun Markaziy Osiyo uchun ulkan faxr – Shomurodov
Sport
−
14 yanvar 2935 2 daqiqa
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov oldinda turgan Jahon chempionatidagi ishtiroki va saralashdagi muvaffaqiyat butun Markaziy Osiyo uchun ulkan faxr ekanligini aytdi. Bu haqda u FIFA rasmiy saytiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Bu tuyg‘uni so‘z bilan ifodalash juda qiyin. Nafaqat biz futbolchilar, balki butun O‘zbekiston bu yo‘llanmani juda xohlardi. Natijadan keyin hamma juda xursand bo‘ldi, chunki bu xalqimiz va muxlislarimiz uchun naqadar muhim ekanini hammamiz tushunardik. Saralashdan chiqqanimizdan so‘ng, nafaqat O‘zbekistondan, balki Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan ham ko‘plab futbol muxlislari tabriklashdi. Hatto Qozog‘iston Prezidenti bizning Prezidentimizni tabriklaganini eshitganman”, deydi Shomurodov.
Shuningdek, u terma jamoa Jahon chempionatida yaxshi o‘yin ko‘rsatsa, O‘zbekiston terma jamoasining muxlislari butun dunyoda paydo bo‘lishini qayd etgan.
“Qur’a oldidan ham kim bilan tushishimiz unchalik muhim emasligini bilardim. Bizning vazifamiz – guruhdan chiqish, qolganini taqdir hal qiladi. Albatta, bor kuchimizni beramiz. Biz vatanimizni himoya qilamiz va shu sababli qattiq ishlaymiz. O‘zbekiston kuchli jamoa ekanini butun dunyoga ko‘rsatmoqchimiz”, deya qo‘shimcha qilgan Eldor.
Bundan tashqari, u dunyo O‘zbekistondan chiqqan futbolchilar Yevropa klublarida o‘ynay olishini ko‘rganini, bu nafaqat terma jamoaga, balki butun o‘zbek futboliga foyda keltirayotganini ta’kidlagan.
“Bolaligimda Jahon chempionatiga chiqa olmaganimizda muxlislar qanchalik xafa bo‘lganini eslayman. Bugun esa muvaffaqiyatlarimiz va davlatimiz rahbarining sportga, xususan futbolga bo‘lgan e’tibori tufayli muxlislar munosabati butunlay o‘zgardi. Endi Jahon chempionatida ishtirok etishimiz aniq bo‘lgach, ko‘plab o‘zbekistonliklar ham AQSHga borishni rejalashtirmoqda. Ularning tribunadagi qo‘llab-quvvatlashi bizga katta kuch va yangi cho‘qqilarga chiqish uchun motivatsiya beradi”, deydi Shomurodov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etadi. Ular Portugaliya, Kolumbiya va Yamayka/Kongo/Yangi Koledoniya o‘tish o‘yini g‘olibi bilan birga “K” guruhidan joy olgan. Uchrashuvlar Mexiko, Xyuston va Atlanta shaharlarida bo‘lib o‘tadi.
Live
Barchasi