Starmerning partiyasi saylovda yutqazdi. Uning taqdiri nima bo‘ladi?
Olam
−
12 may 3767 2 daqiqa
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer boshchiligidagi Leyboristlar partiyasi mamlakatdagi so‘nggi mahalliy saylovlarda og‘ir mag‘lubiyatga uchragach, partiya ichida Bosh vazirni iste’foga chiqarish talablari kuchaymoqda. Bu haqda CNN xabar berdi.
Londonda partiya a’zolari oldida so‘zlagan Starmer saylov natijalari uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olganini, biroq lavozimini tark etmasligini ta’kidlagan. Uning fikricha, tez-tez yetakchi almashishi mamlakatni siyosiy beqarorlikka olib kelishi mumkin. Shunga qaramay, Leyboristlar partiyasidan 70 dan ortiq deputat Starmerni iste’foga chiqishga yoki aniq ketish rejasini e’lon qilishga chaqirgan. Ayrim vazir yordamchilari ham o‘z lavozimlarini tark etgan.
Agar Starmer iste’foga chiqsa yoki lavozimidan chetlashtirilsa, Buyuk Britaniya so‘nggi o‘n yil ichida yettinchi bosh vazirga ega bo‘lishi mumkin. So‘nggi mahalliy saylovlarda Leyboristlar minglab o‘rinlarni yo‘qotdi va ayrim hududlarda nazoratni qo‘ldan chiqardi. Natijalar partiya ichida katta norozilik uyg‘otdi va Starmerning 2029 yilgi umumiy saylovlarda g‘alaba qozonish imkoniyatlariga shubha uyg‘otdi.
Partiya ichida Starmerga qarshi chiqish uchun kamida 81 deputat qo‘llab-quvvatlashi kerak. Biroq hozircha unga real raqib chiqishi mumkin bo‘lgan aniq nomzod yo‘q. Shunga qaramay, siyosiy bosim kuchayib bormoqda va hukumat ichida ham iste’fo chaqiriqlari eshitilmoqda.
Vazirlar Mahkamasida ham bu masala yuzasidan muhokamalar davom etishi kutilmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, Starmerning eng katta muammosi saylovchilarning ishonchini yo‘qotishi, iqtisodiy norozilik va partiya ichidagi bo‘linishlarning kuchayishidir.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 7 may kuni Buyuk Britaniyada mintaqaviy saylovlar bo‘lib o‘tdi. Saylovlar Angliyaning 136 ta hududida o‘tkazildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, leyboristlar munitsipal kengashlarda avval egallab kelgan 2 200 dan ortiq o‘rinlaridan qariyb 1 200 tasini boy berdi. Saylovning asosiy g‘olibi 1 400 ga yaqin o‘rinni qo‘lga kiritgan o‘ng qanot “Reform UK” partiyasi bo‘ldi.
Live
Barchasi