Jizzaxda erkak do‘stini yovvoyi to‘ng‘iz bilan adashtirib otib qo‘ydi
3-sahifa
−
07 yanvar 11389 3 daqiqa
2025 yilning 5 oktyabr kuni Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida 32 yoshli erkak ov miltig‘i bilan o‘zi bilan birga ov qilish uchun chiqqan do‘stini otib qo‘ydi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Hujjatda keltirilishicha, Samarqand viloyatining Ishtixon tumanidan bo‘lgan sudlanuvchi G‘.A. 5 oktyabr kuni tanishlari O.M. , G‘.T. va T.G‘. lar bilan ov qilish maqsadida Mirzacho‘l tumani, “Gulzor” MFY hududida joylashgan fermer xo‘jaligi maydoniga borgan.
Shu kuni ular soat taxminan 22:30 larda yovvoyi cho‘chqani ov quroli yordamida otib, ushlamoqchi bo‘lgan. Biroq G‘.A. qamishlar orasida o‘tirgan vaqtida qamishlar orasidan chiqib kelayotgan O.M. ni yovvoyi cho‘chqa deb o‘ylab, shoshma-shosharlik bilan ehtiyotsizlik oqibatida o‘ziga tegishli bo‘lgan ov quroli bilan otib qo‘ygan. Hodisa ortidan O.M. ning bosh miya orqa qismi chap tomoni jarohatlangan va u Mirzacho‘l tuman tibbiyot birlashmasida shifokorlar tomonidan tez tibbiy yordam ko‘rsatilganiga qaramay vafot etgan.
2025 yil 5 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Unda sudlanuvchi ko‘rsatma berib, aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Erkakning aytishicha, u 2 yildan beri qonuniy ravishda ov bilan shug‘ullanib keladi. Voqea sodir bo‘lgan kuni ular do‘stlari bilan Mirzacho‘l tumaniga dam olish uchun borgan va kunduz kuni baliq ovlash bilan shug‘ullangan. Kechga tomon ular yovvoyi cho‘chqaning izini ko‘rib qolgan va do‘stlari bilan uni ovlashga kelishib olgan. Shu tariqa ular kelishib, 100-200 metr masofada o‘z joylarini egallagan. Soat 22:30 lar atrofida G‘.A. ga yaqin joyda sharpa ko‘ringan va u sharpani to‘ng‘iz deb o‘ylab, otib qo‘ygan. Sudda G‘.A. marhum O.M. bilan 1 yilda buyon tanish ekanini va u bilan o‘rtasida hech qanday adovat yo‘qligini aytib, yengillik so‘ragan.
Shuningdek, sud majlisida marhumning otasi ham ko‘rsatma berib, G‘.A. bilan o‘g‘li O.M. o‘rtasida hech qanday kelishmovchiliklar bo‘lmaganini aytgan va suddan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘ragan.
Sudlanuvchi A.G‘. Jinoyat kodeksining 102-moddasi (ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga shu modda bilan Jinoyat kodeksining 45-moddasi (muayyan huquqdan mahrum qilish) qo‘llanib, 1 yil muddatga ov qilish huquqidan mahrum qilingan hamda ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm viloyatinring Yangiariq tumanida 71 yoshli ota 51 yashar o‘g‘lini ov miltig‘i bilan otib o‘ldirgandi.
Live
Barchasi