Jizzaxda FVB boshlig‘i pora bilan ushlandi
3-sahifa
−
12 noyabr 6638 2 daqiqa
Jizzax viloyatidagi tumanlardan birining Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i turli qurilish loyihalarini tasdiqlab berish evaziga pora talab qildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i xizmat mavqeini suiiste’mol qilib, joriy yilning sentyabr oyida mahalliy tadbirkor tomonidan qurilishi rejalashtirilgan ko‘p qavatli uyning loyiha hujjatlarini tasdiqlab berib, evaziga 200 dollar olgan.
Keyinroq tadbirkor aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida, ushbu ko‘p qavatli uyga yaqin joyda xususiy maktab qurish uchun loyiha hujjatlarini tasdiqlab berishini so‘rab, yana mazkur mansabdor shaxsga murojaat qilgan. Bu safar u qing‘ir ishi uchun 6 mln so‘m talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda prokuratura organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i ushbu pul mablag‘ini o‘zining turmush o‘rtog‘i orqali olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yilgan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “a”, “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ma’lumot uchun, mazkur moddaning ushbu bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlar uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi mahallalarning birida hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritgan shaxs 2500 dollar pora olgan vaqtida qo‘lga tushgandi.