Jizzaxda otasi ayovsiz kaltaklagan opa-uka bolalar uyiga joylashtirildi
3-sahifa
−
30 avgust 10172 2 daqiqa
Avvalroq, Jizzax viloyatida ota o‘z bolalarini ayovsiz urib,tepib, kaltaklagani ortidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani xabar qilingandi. Hozirda jabrlangan bolalar oilaviy bolalar uyiga joylashtirildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Bildirilishicha, Sharof Rashidov tumanida sodir bo‘lgan ushbu hodisa ortidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi mas’ul xodimlari hamda tegishli mutasaddilar zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan. Voyaga yetmaganlar birinchi navbatda Birlamchi ko‘mak markaziga joylashtirilgan va ular to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Tibbiy xulosalarga ko‘ra, bolalarning salomatligi qoniqarli holatda ekani aniqlangan.
“Voyaga yetmaganlar bilan Sharof Rashidov tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi psixologlari tomonidan zarur psixologik yordamlar ko‘rsatildi. Hozirgi paytda mazkur voyaga yetmaganlar bolalar oilaviy bolalar uyiga joylashtirilgan. Bolalarning kundalik nazorati ta’minlanib, ular to‘liq davlat himoyasi ostiga olindi”, deyiladi xabarda.
Aniqlanishicha, bolalarining onasi xorijda ishlayapti va hozirda uni O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahrida yashovchi ona TikTok jonli efirida o‘z farzandini kaltaklagani xabar qilingan edi. Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida IIV va Ijtimoiy himoya milliy agentligi vaziyatni o‘rgangan va bolani himoyalash yuzasidan ijtimoiy keys ochilgan. Bolaga zaruriy ijtimoiy psixologik ko‘mak choralari ko‘rilmoqda, ayol bilan korrektiv choralar olib borish davom etmoqda.
Live
Barchasi