Humoyun To‘xtamurodov qamoqdan chiqdi

Tahlil

2023 yil so‘nggida Respublika bo‘ylab o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik” tezkor tadbirlari doirasida qo‘lga olingan MMA jangchisi Humoyun To‘xtamurodovga sud hukmi o‘qilgan. Unga qo‘yilgan ayblov ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar turkumiga kirgani bois sportchi ozodlikka chiqarilgan. 

O‘tgan yilning dekabr oyi boshida Humoyun To‘xtamurodov Qo‘qon shahrida ikki nafar shaxsga tan jarohati yetkazib, hodisa joyidan yashiringani ma’lum bo‘lgan edi. Voqea ortidan sportchi huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan ushlangan va unga Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi bilan 3 oylik qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlangan.

Oradan ko‘p o‘tmay, u ozodlikka chiqqani haqida gaplar bolaladi. Farg‘ona viloyati IIB esa buni rad etdi va sportchining “ichkarida” ekanini tasdiqlovchi video e’lon qildi. 

“Bu yerdagi har bir daqiqamda o‘zim uchun tegishli xulosalarni chiqaryapman. Bundan keyin salbiy holatlar qaytarilmaydi”, deydi sportchi. 

Bu voqealardan bir necha kun o‘tib, 26 fevral kuni To‘xtamurodov o‘zining Instagram sahifasida post qoldirdi. 

“Barchaga Assalomu Alaykum! Qudrati va Adolati butun dunyoga dong urgan O‘zbekiston vatanimga kindik qonim to‘kilgan kundan boshlab, shu mehribon o‘zbek xalqim uchun, Allohim nazari tushgan yurtboshim uchun “fidoyi” bo‘lib tug‘ilganimni va shu yo‘sinda yashab o‘tishim kerakligini his qilganman!

Bayrog‘i yelkam uzra hilpirab turgan payt aziz vatanim, butun ona xalqim qo‘llab quvvatlagani kabi men ham shu xalq uchun O‘zbekiston uchun jonimni har on berishga tayyorman!

Men Humoyun To‘xtamurodov shu buyuk yurt bayrog‘ini dunyo uzra ko‘tarilishida oz bo‘lsa-da hissa qo‘shishni oliy maqsad bilgan oddiy xalq ichidan chiqqan vatanga muhabbati cheksiz sportchiman! 

Meni hech qanday jinoyatchi guruhlar, qonunbuzarlar bilan aloqam yo‘q! OAVda men to‘g‘rimda aytilgan gumonlar barchasi asossiz! Yangi O‘zbekistonda qonun ustuvor! Bu yurt non-suvini, mehrini ichib yashagan har bir inson bu yurt qonunlariga ham amal qilib yashashi shart! Men uchun xavotir olgan, duo qilgan sevikli xalqimga minnatdorchilik bildiraman! Kelajakda butun dunyo bo‘ylab vatanim bayrog‘ini munosib himoya qilishga va’da beraman! Olg‘a O‘zbekistonim”, deb yozadi sportchi. 

Qamoqdan chiqqanini post orqali bildirgan To‘xtamurodov 27 fevral kuni Instagram sahifasida jonli efir qilib, kuzatuvchilari bilan suhbatlashdi. 

Yuqorida aytganimizdek, sportchi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi bilan gumonlanib qo‘lga olingan edi. Agar Humoyun To‘xtamurodov noyabr oyi oxirida qo‘lga olingan bo‘lsa, demak uch oylik qamoqqa olish ehtiyot chorasi muddati tugagan. 

Sportchiga qo‘yilgan ayblov o‘z tasdig‘ini topdimi, u haqiqatdan ham bezorilik jinoyatini sodir etganmi, degan savollar bilan QALAMPIR.UZ huquq tartibot idoralaridagi manbalari bilan bog‘landi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Humoyun To‘xtamurodovga ochilgan jinoyat tergovi tugatilib, ish sudga yuborilgan va allaqachon sud hukmi ham e’lon qilingan.

QALAMPIR.UZ Farg‘ona viloyat sudi Matbuot kotibi Qobiljon Mutaliyev bilan bog‘lanib sud hukmi bilan tanishdi. Ma’lum bo‘lishicha, 2024 yilning 30 yanvar kuni Qo‘qon shahar sudi fuqaro Humoyun To‘xtamurodovni Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topib, uni 6 oy ozodlikdan mahrum qilgan.

Sud hujjatida yozilishicha, Humoyun To‘xtamurodov 2023 yilning 27 noyabr kuni soat 14:00 larda Qo‘qon shahri Furqat ko‘chasida “KIA” rusumli avtomobilida past tezlikda harakatlanib, ortidan kelayotgan Damas rusumli avtomobilga yo‘l bermagan. Damas boshqaruvidagi haydovchi signal chalganiga qaramay, sportchi yo‘lni bo‘shatmagan. 

Shundan so‘ng, Damas va KIA rusumli avtomobillar o‘rtasida o‘zaro poyga boshlanadi va bu vaqtda Damas ichidagi yo‘lovchilar KIA'dagi yigitlarni tanib qoladi. Damas haydovchisi KIA'ni siquvga olib, yo‘l chetida to‘xtashga ishora beradi. Damas egasi uni tanishini aytib, Humoyun To‘xtamurodovga “O‘zligingizda bo‘ling, o‘zligimizni unutmaylik”, qabilida nasihat beradi. Bu gapdan keyin To‘xtamurodov fuqaroning yuziga bir marta urib yuboradi. Uning yonida bo‘lgan boshqa bir kishi janjalga aralashmoqchi bo‘lganida, uni ham urib, yengil tan jarohati yetkazadi.

Guvohlarning sudda ko‘rsatma berishicha, fuqarolar o‘sha yerning o‘zida yarashib olgan, jabrlanuvchilarning Humoyun To‘xtamurodovga nisbatan da’vosi yo‘q. Sud shularni hisobga olgan holda, sportchi Humoyun To‘xtamurodovni Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topgan va unga 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan. Jazo manzil-koloniyalarda o‘tash belgilangan. 

Sud hujjatiga ko‘ra, sportchining jazo o‘tash muddati 2023 yil 29 noyabrdan belgilangan. Endi ko‘pchilikda “agar To‘xtamurodovga 6 oylik jazo muddatini manzil-koloniyada o‘tash belgilangan bo‘lsa, nega hali 6 oy o‘tmay, ozodlikka chiqdi?" degan savollar ham paydo bo‘lishi mumkin. 

Tahririyatdagi ma’lumotlarga ko‘ra, sportchi jazo muddatini o‘tash uchun Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 42-manzil-koloniyaga yuborilgan. Uning advokati jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudiga iltimosnoma bilan murojaat qilib, To‘xtamurodovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 73-moddasini qo‘llab o‘talmay qolgan jazosidan muddatidan ilgari shartli ozod etishni so‘ragan. 

Shu yilning 26 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida, sud advokatning iltimosnomasini qanoatlantirib, To‘xtamurodovning o‘talmay qolgan 3 oy-u 2 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosidan O‘zbekiston Respublikasi JK 73-moddasiga asosan muddatidan ilgari shartli ozod etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Humoyun To'xtamurodov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing