Derazadan qarab turgan ekan, oyna bo‘ynini kesib ketibdi – Sergeliliklar portlash haqida

Intervyu

Xabaringiz bor, bugun, 28 sentyabr kuni soat 02:43 da Toshkent shahar Sergeli tumani "Quruvchilar" dahasida joylashgan “Inter Logistics” MCHJga qarashli omborxonada kuchli portlash sodir bo‘ldi. 

Portlash oqibatida hududdagi 26 ta ko‘p qavatli uyning 592 ta xonadoni, 8 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 1 ta maktab va 2 ta bog‘cha binolarining fasad qismi hamda deraza-romlariga zarar yetgan. Shuningdek, hududdagi 24 ta ko‘p qavatli uy va 25 ta hovlining fasad, oyna-rom va tom qismi zarar ko‘rgan. 

Xo‘sh, portlash sodir bo‘lgan omborga yaqin joylashgan uylarda istiqomat qilayotgan fuqarolar yarim tunda sodir bo‘lgan ushbu fojiani qanday eslab qoldi? QALAMPIR.UZ zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, voqeaga guvoh bo‘lganlarga mikrofon tutdi. 

“Balkonda televizor ko‘rib yotgandim. Soat 03:00 larga yaqin edi, soatga qaramadim. Nimadir bang‘illadi. Men o‘yladimki, tashqarida “sklad”ga yaqin joyda mashinalar urilib ketgan. Derazadagi pardani ochsam, tepada shar ko‘rindi va yana yona boshladi. Uydagilarni uyg‘otdim va olov kuchayib ketmasin deb tashqariga chiqishga undadim. Keyin xonamga kirib kiyimlarimni almashtirayotgan paytim balkonga xotinim keldi va nima bo‘lganini so‘radi. O‘sha paytda romni kesakisi menga urildi. Shu payt portlash zarbi ikkimizni yiqitib yubordi.

Farzandlarimga hech nima qilmadi. Ular boshqa tarafda edi. Uchta eshik yiqildi. Meni yuzimga shikast yetdi. Turmush o‘rtog‘im hozirgina ukol oldi. Uni shifoxonaga olib borishdi. Uning og‘rig‘i qolmayapti”, deydi ko‘p qavatli uylardan birida istiqomat qilib kelayotgan aholi vakillaridan biri Sobir Solihov.

Portlash sodir bo‘lgan joyga Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov, Bosh vazir Abdulla Aripov yetib bordi. Shundan so‘ng, Shavkat Umrzoqov portlash zararlari qoplanishini ma’lum qildi.

“Tunda uyg‘onib ketdim. Qarasam kuchli yong‘in. Men uydagilarni uyg‘otdim va tashqariga chiqdim. Men buni raketa deb o‘ylagandim. Xudoga shukur, bizga hech narsa bo‘lmadi. Qo‘shnilarim jabrlangan va yaralangan edi. Darhol tez yordam keldi, suv berishdi. Shifoxonadan chiqib uyga qaytdik. Oynalarni tozalab, hamma ishni qilib qo‘yishgan ekan”, deydi rus millatiga mansub keksa onaxon.

Keyingi suhbatdoshimiz Jamshidjon Aliyev esa bu hududda istiqomat qilmaydi. Unga yarim tunda, portlash sodir bo‘lgach, omborxonaning ro‘parasidagi uyda oilaviy yashab kelayotgan singlisi qo‘ng‘iroq qilgan va yordamga chaqirgan.

“Voqea taxminan soat 3 larga yaqin bo‘ldi. Bu singlimning uyi. Bizga “Portladi, hamma joyimiz qon, yordam beringlar” deb xabar berishdi. Ungacha qo‘shnilar kelib eshikni ochishgan. Kelsak, shu ahvol: hamma yer qon. 

Singlim va uning oilasini tez yordam mashinasi olib ketgan. Xo‘jayinining oyog‘i va qo‘li kesilib ketgan. Singlimning ham qo‘li kesilgan. Bolasining ozgina tirnalgan joyi bor. Hozir ahvoli yaxshi. Shifoxonadan qaytishdi va ularni boshqa uyga jo‘natib yubordik. Mashinasining tomi teshilib, old oynasi singan”, deydi singlisining ahvolidan xavotirda qolayotgan aka.

Fojiaviy portlash oqibatida 17 yashar bola halok bo‘ldi. QALAMPIR.UZ manbasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, u tumandagi 305-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Abrorxo‘ja Abbosxo‘jayev. 

Bola portlash sodir bo‘lgan vaqtda o‘z uyida, xonaning derazaga yaqin qismida uxlayotgan bo‘lgan. Qo‘shnilar voqeani quyidagicha izohladi: 

“Biz yer qimirlayapti deb o‘yladik. Ikki kelinim, bola-chaqam bilan ko‘chaga otilib chiqdik. Qo‘shnilarimizning hammasi yaxshi, bolalarim ham sog‘, faqat bitta qo‘shnimning 11-sinf bolasi vafot etdi. Derazadan qarab turgan ekan, rom bo‘ynidan kesib ketibdi. Shifoxonaga yetib bormay, vafot etibdi. 

Nima bo‘lganini o‘zimiz ham bilmaymiz. Kechasi soat 1:30 da boshlangan edi. Men bilan yana bir qo‘shnimning yuragi bezovta bo‘lib, tobimiz qochdi. Shifokorlar kelib, yordam ko‘rsatdi”, deydi 72 yashar Mahsuma aya. 

Tunda yuz bergan portlash yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Mazkur holat yuzasidan IIV Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” va ”b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Soat 2:30 larda kelib yotdim. Soat 03:00 ga yaqin endi uxlagan ekanman, sirena ovozini eshitdim. Men “GAI” deb o‘yladim. Shu payt gumburlab, olov bilan kelib, rom-oynalar hammasi ustimga quladi. Dod dedim. Qizim chiqib qoldi. Qarasam, hammayog‘im qon. Keyin pastga tushdik. Hamma xalq pastga tushdi. Pastga tushgandan keyin, 16-shifoxonaga olib borishdi”, deydi boshidan jarohatlangan otaxon.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hodisa oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 nafarni tashkil etmoqda. Shundan jami 24 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning Toshkent viloyati filiali, Toshkent shahar tez tibbiy yordami shifoxonasi, 1-sonli Respublika va 1-sonli shahar klinik shifoxonalari hamda 1-sonli shahar tug‘uruqxonasiga yotqizilgan. 

Qolgan 138 nafar jabrlangan aholi vakilining salomatligi yaxshi bo‘lganligi uchun ambulator tibbiy yordami ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan.  


Maqola muallifi

Teglar

Sergeli fojiasi Sergelidagi portlash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing