Putin ochgan urushning o‘zbek qurbonlari

Tahlil

Rossiyada yana bir o‘zbekistonlik hibsga olindi. Ukraina tomonidan yollanib, Rossiya generalini o‘ldirganlikda gumonlangan o‘zbekistonlik Ahmad Qurbonov umrbodga qamaldi. Rossiya migrantlarni turli bahona yoki shantajlar bilan urushiga olib ketayotgani haqida mish-mishlar tarqaldi. Bugungi kunga qadar Rossiyada 2000 dan ziyod O‘zbekistonliklar urushda qatnashish uchun shartnoma tuzdi. Yaqin daqiqalar ichida shu mavzuda batafsil ma’lumot beramiz.

Ko‘plab o‘zbekistonliklar Rossiyaga pul topaman, oila boqaman deb borib, Rossiya – Ukraina urushiga aralashib qolmoqda. Tasdiqlanmagan manbalarga ko‘ra Rossiyada 3 mlnga yaqin O‘zbekistonliklar bor, migratsiya agentligi esa bu ko‘rsatgichni 1 millinondan sal ziyod deb qayd etadi. Ba’zi manbalarga ko‘ra, Rossiyada ishlab kelayotgan markaziy osiyoliklar soni 10 milliondan oshadi. 

Afsuski ular orasida qoidabuzarlar va huquqlari poymol bo‘lganlar ham bor. 22 yanvar kuni OAVda tarqalgan habarlarga ko‘ra, O‘zbekistonlik fuqaro qo‘lga olingan. U noqonuniy migratsiyani tashkil etishda ayblanmoqda. Ayblovga ko‘ra, u va uning sheriklari internet orqali kamida 270 nafar xorijlikka soxta shartnomalar sotgan. Bu haqda viloyatning umumiy yurisdiksiya sudlari matbuot xizmati xabar bergan. 

“Novosibirskning Karasuksk tuman sudi tomonidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 322.1-moddasi 2-qismi “a” va “d” bandlarida (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan noqonuniy migratsiyani tashkil etish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Xidirov Mas’udaliga nisbatan tergovchining iltimosnomasi ko‘rib chiqildi”, deyiladi xabarda.  

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Xidirov guruh tarkibida oldindan til biriktirib harakat qilgan. Ular kamida 270 nafar xorijiy davlat fuqarolariga, shu jumladan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo mamlakatlardan kelganlarga ham soxta fuqarolik-huquqiy shartnomalar tayyorlab, internet orqali sotgan.

Sud ayblanuvchiga nisbatan 2026 yil 28 fevralga qadar qamoq ehtiyot chorasini tanladi. Agar uning aybi isbotlansa, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Afsuski, bu kabi ko‘ngilni xira qiluvchi holatlar avvali ham ohiri ham emas. Bu ro‘yxat juda uzun. Ular orasida Rossiya generalini o‘ldirganlar ham bor. Yodingizda bo‘lsa 2024 yil 17 dekabr kuni O‘zbekiston fuqarosi Qurbonov Ahmad Ukraina Xavfsizlik xizmati topshirig‘iga binoan Rossiya generalini o‘ldirganlikda gumonlanib qo‘lga olingandi. Unga oid sud jarayoni 2026 yil yanvar oyida bo‘lib o‘tdi va Qurbonov umrbod qamoq jazosiga xukm qilindi. Voqea o‘zi qanday bo‘lgandi? Tergov versiyasiga ko‘ra, 2024 yil 17 dekabr kuni O‘zbekiston fuqarosi Qurbonov Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) topshirig‘iga binoan general Kirillov yashagan uyning kirish qismida rulida masofadan boshqariladigan bomba o‘rnatilgan elektro-samokatni qoldirgan. Shundan so‘ng terakt ijrochisi ijaraga olingan avtomobilga o‘tirib, bo‘layotgan voqealarni Ukrainaga jonli efirda uzatgan. General Igor Kirillov va uning yordamchisi mayor Ilya Polikarpov uyidan chiqqan paytda portlash sodir bo‘lib, ikki zobit ham halok bo‘lgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, harbiy xizmatchilarni portlatib o‘ldirgani uchun Qurbonovga 100 ming dollar, yangi hujjatlar va Yevropa Ittifoqi davlatlaridan birida yashash uchun ruxsatnoma va’da qilingan. Biroq u bu mukofotni olmagan, chunki portlashdan bir necha soat o‘tib qo‘lga olingan. Shundan so‘ng Vladimir shahrida Safaryan ham qo‘lga olingan. Tergov iddaosiga ko‘ra, u Polshadan olib kelingan bombani Qurbonovga topshirgan. Dastlab unga faqat portlovchi moddalarni noqonuniy aylantirish aybi qo‘yilgan, biroq Moskvaga olib kelingach, teraktda ishtirok etganlik bo‘yicha ham ayblov qo‘yilgan.

Keyinroq, 2025 yil yanvarida Batuhan Tochiyev va Ramazon Padiyev ham hibsga olingan. Ish materiallariga ko‘ra, ular Qurbonovni portlashdan keyin yashirinishi uchun kvartira bilan ta’minlagan. Rossiya tergovi ma’lumotlariga ko‘ra, UXX terakt tayyorgarligini USDT steyblkoinlari (muayyan valyuta kursiga baholangan kriptoaktivlar) orqali moliyalashtirgan. Dastlabki bosqichda Qurbonov 5 ming dollar olgan. 2024 yilda bu 404,8 ming rublga teng bo‘lgan. Tergovning aniqlashicha, rus tilini deyarli bilmaydigan O‘zbekiston fuqarosi avval Toshkentdan Baku shahriga, keyin Ostona orqali Moskvaga yo‘l olgan. Poytaxtda u kriptovalyuta orqali yana 431 ming rubl olgan. Umuman olganda, Tergov qo‘mitasi hisob-kitobiga ko‘ra, teraktni tashkil etishga taxminan 842 ming rubl sarflangan. 27 ta kvartira va 13 ta avtomobil egalariga yetkazilgan moddiy zarar 3,3 mln rublga baholangan. Qurbonov aybini tan olib, tergov bilan faol hamkorlik qilgan. Boshqa ayblanuvchilar esa Qurbonovning terrorchilik faoliyatiga aloqadorligini bilmaganini ma’lum qilgan.

Tochiyev va Padiyev sudda faqat kvartirani ijaraga berish bilan shug‘ullanganini aytgan, Safaryan esa u yetkazgan pochtada nima borligidan bexabar bo‘lganini bildirgan.  portlovchi moddani yetkazib bergan Ozarbayjon fuqarosi Robert Safaryan 25 yilga qat’iy tartibli koloniyaga hukm qilingan, shundan dastlabki 9 yilini qamoqxonada o‘taydi. Qurbonovga turarjoy ijaraga bergan Ingushetiya fuqarolari Batuhan Tochiyev va Ramazon Padiyevga mos ravishda 22 yil (dastlabki 8 yili qamoqxonada) va 18 yil (dastlabki 6 yili qamoqxonada) ozodlikdan mahrum qilish jazosi, shuningdek 200 ming rubl miqdorida jarima tayinlangan.

Bundan tashqari, QALAMPIR.UZ tahririyatiga bir-nechta fuqarolar, farzandi Rossiyaga ishlash maqsadida ketib Rossiya-Ukraina urushiga aralashib qolganini aytib murojaat qildi. Namanganlik otaxonning aytishicha o‘g‘li oilasi bilan ajrashgandan so‘ng, Rossiyaga ketadi va u yerda urushda qatnashish uchun shartnoma tuzadi. U otasiga muntazam ravishda telefon qilib urushda unvoni oshgani va shartnomani yakunlagach Rossiya fuqaroligini olishini bildiradi. Otaning so‘zlariga ko‘ra, o‘zga yurtni orzu qilgan farzandi mana yarim yildirki, dom-daraksiz ketgan. U endi farzandining o‘lik yoki tirikligini bilishni xohlayapti xolos...
Yana bir holatda O‘zbekiston fuqarosi Rossiyada o‘ziga nisbatan narkotik savdosi bilan bog‘liq tuhmat qo‘yilganini va tahdidlar orqali Ukrainaga qarshi urushga yuborilganini ma’lum qildi. Ukrainalik bloger Dmitro Karpenko o‘zbekistonlik bilan suhbatini ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida joylashtirdi. 

O‘zini O‘zbekiston fuqarosi deb tanishtirgan erkakning aytishicha, u 6 kun davomida hibsda saqlangan va bu vaqt ichida qattiq qiynoqqa solingan. Sudda unga ikki variant taklif qilingan: bir yil urushda qatnashish yoki kamida 12,5 yilga qamoq jazosi. Videoda bu gaplarni eshitib turgan bloger atigi 6 kunda sud jarayoni bo‘lib o‘tganidan hayratlandi: 

“Men bunday holatni hali eshitmagan edim. 6 kunda hukm. Bunday holat faqat O‘zbekiston fuqarolari bilan shunday tez bo‘ladiganga o‘xshaydi”, deydi bloger.

Mazkur intervyuni o‘zini Rossiya armiyasining chirkin taraflarini ochib beruvchi bloger sifatida tanishtirayotgan shaxs olgan. Hozircha ushbu holat yuzasidan Rossiya rasmiylari yoki O‘zbekistonning tegishli idoralari tomonidan munosabat bildirilmagan.Rossiyadagi o‘zbekistonliklarning shu kabi tuzoqqa tushayotgani haqida oldin ham bir necha marotaba xabar berilgan. Biroq endilikda nafaqat o‘zbekistonliklar yoki markaziy osiyoliklar, balki hindlar va afrikaliklar ham shunga o‘xshash usullarda Ukrainadagi urushga jalb qilinayotgani ayon.

2025 yil 29 oktyabr kuni Ukraina Mudofaa vazirligi va Bosh razvedka boshqarmasi ko‘magida tashkil etilgan “Xochu jit” (“Yashashni xohlayman”) loyihasi Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan 2000 dan ziyod O‘zbekiston fuqarosining ism-sharifini e’lon qildi. Urushga borib oson va tez pul topib keyin qaytaman deb xom o‘ylaganlar, rossiyaning puliga ham qaramay urushdan qochib kelyapti. Ular bu qilmishlari uchun O‘zbekistonda qamalishga ham bajonidil rozi. Urushning dahshatidan, rossiyaning grajdani bo‘lishdan ko‘ra vatanida o‘z jazosini olish uchun endi ular hamma narsaga tayyor. QALAMPIR.UZ urushda qatnashgan fuqarolarning sud xujjatlari bilan tanishib chiqdi. 1993 yilda tug‘ilgan, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida yashovchi erkak 2025 yil 16 yanvar kuni Rossiya Federatsiyasiga pul ishlab topish maqsadida borgan. U yerda rossiyalik tanishi orqali 2025 yil 7 aprel kuni Rossiya-Ukraina urushida ishtirok etish uchun harbiy qismi bilan shartnoma tuzgan. Shartnoma tuzgandan so‘ng, 2025 yil 5-10 may kunlari uning nomiga ochilgan bank kartasiga 1 mln 600 ming rubl miqdoridagi pul mablag‘i tashlab berilgan. Sudlanuvchi 15 kun davomida dastlabki harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan. U boshqa askarlar bilan birgalikda Lugansk Xalq Respublikasining Markov shahridan 15 km uzoqlikdagi dala maydoniga borib, joylashgan va ikki oy davomida harbiy tayyorgarlik jarayonlarida qatnashgan. Oradan biroz vaqt o‘tgach, erkak urushda qatnashish hayoti uchun xavfli ekani va qilgan ishi noto‘g‘riligini tushunib yetib, jangovar hududdan qochib ketgan. Shundan so‘ng, 2025 yil 21 sentyabr kuni Moskva shahrida joylashgan O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilgan. Elchixona ko‘magi bilan 26 sentyabr kuni Toshkentga qaytib kelgan va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan. Sud hukmiga ko‘ra, erkak  Jinoyat kodeksining 154-1-moddasi (chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) 1-qismi bilan aybli deb topilgan. Unga nisbatan ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Shundan qamoqda saqlangan 103 kuni axloq tuzatish ishlari jazosining uch kuniga tenglashtirilib, uzil-kesil o‘tash uchun 2 yil 1 oy 26 kun axloq tuzatish ishlari jazosi qoldirilgan.

Yana bir holatda esa, o‘zbekistonlik fuqaro urushdan qochib O‘zbekistonga qaytmoqchi bo‘lganida Rossiya chegarachilari tomonidan qo‘lga olingan va harbiy sudda unga nisbatan hukm o‘qilgan. Ukrainadagi urushdan qochishga uringan O‘zbekiston fuqarosiga Rossiyada 7 yil 9 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Mazkur o‘zbekistonlik erkak avvalroq, 2023 yil aprel oyida Rossiyaning Chelyabinsk viloyatida giyohvand moddalar savdosiga urinishda aybdor deb topilib, 11 yil 8 oyga qattiq tartibli koloniyada jazoga hukm qilingan.  U qamoqda bo‘lgan vaqtida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzib, Ukrainadagi jangovar harakatlar hududiga yuborilgan. Shartnoma shartlariga ko‘ra, urushdan qaytgach, u ozod etilishi lozim bo‘lgan, biroq janglar vaqtida yaralangan. Shundan so‘ng o‘zbekistonlik erkak Novosibirskdagi harbiy shifoxonaga yotqizilgan. Davolanish yakunlangach, 2025 yil 23 may kuni kechqurun u Novosibirsk viloyati va Qozog‘iston chegarasi yaqinidagi o‘rmon hududiga borib, o‘zining yo‘lboshchisini kutgan. Ammo yo‘lboshchi kelmagan. Oradan bir kun o‘tib ushbu erkak Federal xavfsizlik xizmatining chegara xizmati xodimlari tomonidan hibsga olingan. 2025 yil sentyabr oyida harbiy sud uni davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga uringanlikda aybdor deb topib, 6 oy qamoq jazosini tayinlagan. Biroq avvalgi sud hukmi bo‘yicha o‘talmagan jazo muddatini inobatga olib, yakunda 7 yil 9 oy muddatga qattiq tartibli koloniyada jazo o‘tash belgilangan.

Boshqa bir holatda esa Rossiya tomonidan Ukrainadagi urushda qatnashgan andijonlik erkakka 2 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Sud hujjatida keltirilishicha, erkak 2022 yilning dekabr oyida ishlash maqsadida Rossiya Federatsiyasining Moskva shahriga borgan. U Moskva va Chelyabinsk shaharlarida yetkazib berish xizmatida ishlagan. 2023 yilning 15 avgustida Chelyabinsk shahar sudi unga giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan shug‘ullangani uchun Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 4-qismi bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan. Shundan so‘ng, unga Rossiya tomonidan Ukrainadagi urushda qatnashish taklifi berilgan. Erkak 2024 yilining avgust oyida Rossiya Qurolli kuchlariga yollangan va shartnoma tuzib, harbiy guvohnomani olgan hamda oddiy askar harbiy unvoni bilan harbiy xizmatga kirgan. 2024 yilning avgust-sentyabr oylarida Rossiyaning qurolli kuchlari nomidan Ukraina Respublikasining Donetsk shahrini egallash uchun olib borilgan qurolli to‘qnashuv va harbiy harakatlarda o‘ziga biriktirilgan AK-74 o‘qotar qurol bilan ishtirok etgan. Biroq snaryad portlashi oqibatida chap qo‘li va chap oyog‘idan jarohat olgan. Shu sababli Rossiyaga qarashli harbiy shifoxonalarda davolanib, 2025 yilning sentyabr oyida O‘zbekistonga qaytgan. Mazkur ish 2025 yilning 12 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Jalaquduq tuman sudida ko‘rib chiqilgan. U Sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Uning aytishicha, erkak 2024 yilning avgust oyida Rossiya tomonidan urishga borish uchun majburlangan. Shundan so‘ng, Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzgan va Lugansk shahrida 14 kunlik harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan. Tayyorgarlikdan so‘ng Donetsk shahridagi harbiy qarorgohga 3 dona yo‘lovchi tashuvchi avtomashinada ketayotganida, Ukraina askarlari tomonidan o‘qqa tutilgan. Oqibatda 66 nafar harbiydan 12 nafari tirik qolgan. Otishmada snaryad oskolkalari tanasining turli joylariga kelib tekkani uchun og‘ir tan jarohati olgan va shundan so‘ng u harbiy gospitalga yuborilgan. U 2025 yilning sentyabr oyiga qadar davolangan va urushga borgani uchun berilgan pullarni sog‘lig‘ini tiklash uchun sarflagan. Oradan ko‘p o‘tmay, O‘zbekistonga qaytish guvohnomasini olib, 17 sentyabr kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan.

Sud tomonidan erkak Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Biroq Jinoyat kodeksining 72-moddasiga (shartli hukm qilish) asosan mazkur jazo shartliga almashtirilib, unga 2 yillik sinov muddati – ozodlikni cheklash (uy qamog‘i) jazosi belgilangan.

Kim tomondan urushga qatnashish ahamiyatsiz. Inson huquqlari tamoyillarida urush qoralangan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham boshqa mamlakatlar safida jang qilish Jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lishi keltirilgan. Xususan, Jinoyat Kodeksining 154-moddasiga ko‘ra, yollanish, 5 yildan 10 yilgacha jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab bo‘ladi. 

Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoreportajni tomosha qiling.
 


Maqola muallifi

Teglar

Jinoyat Rossiya o'zbekistonlik Ozarbayjon Ukraina Sud OAV Konstitutsiya O'zbekiston Respublikasi Rossiya generali Ramazon Padiev Batuhan Tochiev Robert Safaryan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing