2025 yilda Rossiyadan deportatsiya qilingan migrantlar soni ochiqlandi
Olam
−
21 noyabr 3164 2 daqiqa
Rossiyada o‘tkazilgan operatsiya doirasida 2025 yilning iyun-oktyabr oylari davomida ushbu mamlakatda noqonuniy bo‘lgan 19 mingdan ortiq chet el fuqarosi mamlakatdan chiqarib yuborildi yoki deportatsiya qilindi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Irina Volk o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Uning yozishicha, 128 mingdan ortiq immigratsiya qonunchiligini buzish holatlari aniqlangan. Xorijiy fuqarolarni Rossiyadan ma’muriy chiqarib yuborish va deportatsiya qilish bo‘yicha 19 mingdan ortiq qaror qabul qilingan.
Volk ma’lumotlariga ko‘ra, aniqlangan qoidabuzarliklarning 100 mingtasi kirish va chiqish, tranzit va yashash qoidalari bilan bog‘liq. Qolgan 28 ming qonunbuzarlik xorijliklarni ishga joylashtirishga aloqador.
Vazirlik so‘zlovchisining ta’kidlashicha, tezkor tadbir doirasida noqonuniy migratsiyani tashkil etish bo‘yicha 4800 ga yaqin, boshqa jinoyatlar (narkotik moddalar va qurol-yarog‘larning noqonuniy aylanishi, chegarani noqonuniy kesib o‘tish, shuningdek, terrorizm va ekstremizm) bo‘yicha yana 1500 ga yaqin jinoyat ishi ochilgan.
Bundan tashqari, huquq-tartibot idoralari xodimlari federal darajada 673 nafar, davlatlararo miqyosda 329 nafar va xalqaro miqyosda 37 nafar qidiruvga berilgan shaxsni aniqlagan.
Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodinning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilning 5 fevralidan, ya’ni nazorat ostidagi shaxslar reyestri ishga tushirilgandan buyon 35 mingga yaqin odam immigratsiya qonunchiligini buzgani uchun Rossiyadan deportatsiya qilingan. Uning qo‘shimcha qilishicha, 1 sentyabr holatiga ko‘ra, mamlakatda noqonuniy bo‘lgan migrantlar ma’lumotlar bazasida 770 ming kishi bor, ularning uchdan bir qismi ayollar va bolalardir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada 2025 yilning 9 oyi davomida 4500 ga yaqin xorijlik fuqarolarda atrofdagilar uchun xavfli kasalliklar aniqlangani haqida xabar berilgandi. Ular mamlakatdan deportatsiya qilindi.
Live
Barchasi