AQSH Xitoyga 100 foizlik boj kiritadi

Olam

image

Joriy yilning 1 noyabridan Amerika Qo‘shma Shtatlari Xitoyga nisbatan qo‘shimcha 100 foizlik boj to‘lovi joriy etadi. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi.

“2025 yil 1 noyabrdan boshlab (yoki Xitoy tomonidan amalga oshiriladigan keyingi harakatlar va o‘zgarishlarga qarab oldinroq) AQSH Xitoyga qarshi 100 foizlik tarif joriy etadi, bu ular hozir to‘layotgan har qanday tarifdan tashqari bo‘ladi”, deyiladi Trampning postida. 

Shuningdek, shu sanadan boshlab AQSH muqim ahamiyatga ega dasturiy ta’minot uchun eksport nazoratini ham joriy qiladi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu chora Xitoy tomonidan 1 noyabrdan boshlab deyarli barcha ishlab chiqarilgan mahsulotlarga nisbatan joriy etilishi rejalashtirilayotgan eksport cheklovlariga javob bo‘ladi.

“Bu xalqaro savdoda misli ko‘rilmagan holat bo‘lib, boshqa davlatlar bilan munosabatlarda axloqiy kamsitishdir”, degan Tramp

Qayd etish joiz, Xitoy 9 oktyabr kuni noyob yer metallari eksportiga yangi cheklovlar kiritishini e’lon qilgandi. “Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, bu qaror Tramp va Xitoy rahbari Si Szinpin o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan uchrashuv oldidan Pekinning savdo mavqeini kuchaytirishga qaratilgan. Xitoy dunyodagi noyob yer metallari bozorining 70 foizini ta’minlaydi.

Tramp Xitoy rahbari bilan uchrashuvni Janubiy Koreyada o‘tkazishni rejalashtirgan, u yerda 31 oktyabrdan 1 noyabrgacha APEC sammiti bo‘lib o‘tadi.

Yangi qoidalar bo‘yicha, Xitoyda ishlab chiqarilgan hatto oz miqdorda noyob yer metallari saqlovchi mahsulotlarni eksport qiluvchi xorijiy kompaniyalar ham maxsus eksport litsenziyasi olishlari kerak bo‘ladi. Bu talab nafaqat metallarga, balki ularni qazib olish, qayta ishlash, utilizatsiya va magnit materiallar ishlab chiqarish texnologiyalariga ham taalluqli.

Litsenziya ikki maqsadli mahsulotlar – ya’ni fuqarolik va harbiy sohada ishlatilishi mumkin bo‘lgan materiallar uchun ham majburiy bo‘ladi. Harbiy iste’molchilarga mo‘ljallangan eksport arizalari esa avtomatik ravishda rad etiladi.

Xitoy hukumati bu choralarni “milliy xavfsizlik va davlat manfaatlarini samaraliroq himoya qilish, shuningdek, xalqaro majburiyatlarni bajarish, jumladan, tarqalish ustidan nazoratni kuchaytirish” zarurati bilan izohlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Amerika Qo'shma Shtatlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing