Andijonda uyida narkolaboratoriya tashkil qilgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
13:51 1084 2 daqiqa
Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida uyida narkolaboratoriya tashkil qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Bojxona hamda Ichki ishlar organlari hamkorligida Asaka tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Xususan, mazkur tumanda yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan shaxsning yonida bo‘lgan 1 dona nomsiz sprey idishdagi noma’lum suyuqlik va 2 dona nomsiz dori vositalari vaqtincha saqlovga olingan.
So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, Xo‘jaobod tumanidagi unga tegishli xonadon ko‘zdan kechirilganda, ushbu manzilda narkolaboratoriya tashkil etilgani ma’lum bo‘lgan.
Narkolaboratoriyadan sprey idishlarda bo‘lgan nomsiz suyuqliklar, oq rangli kukunsimon moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hamda narkotiklar tayyorlashda kerak bo‘ladigan anjomlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu moddalar “Alfa PVP” sintetik giyohvandlik vositasi hamda “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi hisoblanadi.
Hozirda narkolaboratoriya egasiga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida 75 yoshli fuqaroning uyidan 20 kg “marixuana” giyohvand moddasi topilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi