Apple, Google, Meta: xorijiy kompaniyalar O‘zbekistonga qanchadan soliq to‘layapti?
Jamiyat
−
07 may 2226 2 daqiqa
Joriy yilning I choragida O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 89 ta xorijiy kompaniya tomonidan 65,7 milliard so‘m soliq to‘langan. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2026 yilning dastlabki 3 oyida elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 89 ta xorijiy kompaniya 65,7 milliard so‘m soliq to‘lagan. Bu avvalgi yilgiga nisbatan 81 foiz o‘sish demakdir. 2025 yilning xos davrida 68 ta xorijiy kompaniya 36,2 milliard so‘m soliq to‘lagan edi.
Apple eng ko‘p soliq to‘lagan kompaniya bo‘lib, 16,1 milliard so‘mni davlat byudjeti hisobiga o‘tkazgan. Google esa salkam 1,5 milliard so‘m soliq to‘lagan. Qiziqarli jihati, O‘zbekistonda bloklangan Tik Tok ham shu yilning ilk choragida 868,3 million so‘m soliq to‘lagan. Bir yil avvalgi ma’lumotlarga ko‘ra esa korxona 934,8 million so‘m soliq to‘laganlik ko‘rsatkichi bilan eng ko‘p byudjetni boyitgan xorijiy kompaniyalar orasida beshinchi bo‘lgan.
Bu yil kuchli o‘ntalik ro‘yxatiga yangi sun’iy intellekt kompaniyasi Anthropic ham qo‘shilgan. Qo‘shilganda ham kompaniya 1,5 milliard so‘mlik soliq ko‘rsatkichi bilan ro‘yxatdan joy olgan. Mashhur OpenAI esa avvalgi yil 1,1 milliard so‘m soliq to‘lagan bo‘lsa, bu safar qo‘shimcha yana 1 milliard so‘m byudjetga foyda keltirgan.
Eng ko‘p soliq to‘lagan elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi top-10 ta xorijiy kompaniya:
- Apple – 16,1 mlrd so‘m;
- Google – 14,9 mlrd so‘m;
- Meta – 13,9 mlrd so‘m;
- Valve Corp. – 8 mlrd so‘m;
- OpenAI – 2,5 mlrd so‘m;
- Anthropic – 1,5 mlrd so‘m;
- Midasbuy – 1,3 mlrd so‘m;
- Tik Tok – 868,3 mln so‘m;
- Booking.com – 694,7 mln so‘m;
- Netflix – 570,4 mln so‘m.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 3 milliondan ortiq obunachiga ega olti nafar top bloger 2025 yil davomida jami 2,7 milliard so‘m daromad topib, byudjetga 110,4 million so‘m soliq to‘lagani haqida xabar berilgan edi.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi