Ashraf Hakimi Afrikadagi yil futbolchisi deb topildi
Sport
−
20 noyabr 1184 2 daqiqa
PSJ klubi himoyachisi Ashraf Hakimi 2025 yilning eng yaxshi afrikalik futbolchisi deb topildi. Shu tariqa Hakimi 52 yildan buyon bu sovrinni qo‘lga kiritgan ilk himoyachiga aylandi. Bu haqda “CAF online” xabar berdi.
Taqdirlash marosimi kecha, 19 noyabr kuni Marokash poytaxti Rabotda bo‘lib o‘tdi. Bosh sovrinni qo‘lga kiritish uchun marokashlik futbolchi “Liverpul” hujumchisi Muhammad Saloh va “Galatasaroy” forvardi Viktor Osimxenni ortda qoldirdi. Hakimi 1998 yildan beri ushbu sovringa da’vogar bo‘lgan ilk marokashlik futbolchi bo‘ldi. Oxirgi marta marokashlik Mustafa Xaji bu mukofotni qo‘lga kiritgan edi.
27 yoshli o‘ng qanot himoyachisi 2025 yilda PSJ bilan Chempionlar Ligasi, UEFA Superkubogi, Fransiya chempionati va kubogida g‘olib chiqdi hamda FIFA Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati finaliga yetib bordi. Shuningdek, Marokash terma jamoasining Jahon chempionati–2026 uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritishida muhim rol o‘ynadi.
“Haqiqatan ham faxrlanyapman. Bu sovrin nafaqat men uchun, balki bolaligidan futbolchi bo‘lishni orzu qilgan barcha afrikaliklar uchun”, deydi Hakimi sovrinni qo‘lga olgach.
Marokashlik Gizlan Shebbak yilning eng yaxshi ayol futbolchisi deb topildi. U Afrika Millatlar Kubogi–2025 musobaqasida beshta gol urib, to‘purarlik poygasida g‘olib bo‘lgan edi. Finalda Nigeriyaga imkoniyatni boy berganiga qaramay, futbolchi Afrikada yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Shebbak hozirda Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubiga faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, Yassin Bunu “Yilning eng yaxshi erkak darvozaboni” va Kabo-Verde terma jamoasi bosh murabbiyi Bubista “Yilning eng murabbiyi” deb topildi.