Avstraliya madhiya kuylashdan bosh tortgan eronliklarga viza berdi

Sport

image

Avstraliya hukumati Eron milliy terma jamoasining olti nafar ayol futbolchisiga gumanitar vizalar berilganini tasdiqladi. Ular Osiyo kubogidagi birinchi o‘yin oldidan Islom Respublikasining milliy madhiyasini kuylashdan bosh tortgani sababli vatanga qaytsa, xavf ostida qolishi mumkinligi aytilmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.

Avstraliya Immigratsiya vaziri Toni Berk futbolchilar Avstraliya politsiyasi tomonidan “xavfsiz joyga” olib ketilganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoaning boshqa a’zolariga ham mamlakatda qolish imkoniyati borligi aytilgan.

Joriy yilning 9 mart kuni ertalab Avstraliya OAVlari besh nafar futbolchi mehmonxonadan chiqib ketgani, politsiyaga murojaat qilgani va hozirda xavfsiz joyda ekani haqida xabar bergan. Keyinroq yana bir futbolchi va jamoa xodimi ham Eronga qaytishdan bosh tortgani ma’lum qilingan. Biroq keyinchalik ulardan biri fikrini o‘zgartirgan.

Vazir Berkning aytishicha, bu ayol o‘yinchilardan biri jamoadoshlari bilan suhbatdan keyin qarorini o‘zgartirib, qaytishga rozi bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, Avstraliyada odamlar qarorini o‘zgartirish huquqiga ega. Ammo shu suhbatdan keyin Eron elchixonasi qolishga qaror qilgan futbolchilarning qayerdaligini bilib olgan. Shu sababli vazir darhol ularni boshqa xavfsiz joyga ko‘chirishni buyurgan.

Jamoaning qolgan a’zolari esa kecha, 10 mart kuni kechqurun Avstraliyadan chiqib ketgan. Ular Osiyo kubogidan chiqib ketganidan ikki kun o‘tgach mamlakatni tark etgan.

Berkning aytishicha, Sidney aeroportida ham jamoa a’zolariga yana bir bor Avstraliyada qolish imkoniyati taklif qilingan. Politsiya ularni kuzatuvchilardan ajratib, tarjimon orqali hukumat vakillari bilan alohida gaplashish imkonini bergan. Shuningdek, ularga oilalari bilan bog‘lanish imkoniyati ham yaratilgan.

Hech kim o‘z qarorini o‘zgartirmagan, ammo bir kishi oilasi bilan suhbatdan keyin samolyotga kechroq chiqqan. Vazirning ta’kidlashicha, u bunday qarorni mustaqil ravishda qabul qilgan va unga hech qanday bosim o‘tkazilmagan.

Aeroportda Avstraliyadagi eronlik diaspora vakillari ham to‘planib, futbolchilarni qo‘llab-quvvatlagan va ularning Eronga qaytarilishiga qarshi norozilik bildirgan. Ular ayrim o‘yinchilar yordam so‘rab ishora berganini aytgan. Hozircha madhiyani kuylashdan bosh tortgani uchun futbolchilar va ularning oilalariga Eronda qanday jazo qo‘llanilishi noma’lum.

Gumanitar viza olgan ayollar Avstraliyada yashash, ishlash va o‘qish huquqiga ega bo‘ladi. Keyinchalik ular doimiy yashash huquqini ham tezlashtirilgan tartibda olishlari mumkin. Besh nafar futbolchi o‘z ismlarini ochiqlashga rozi bo‘lgan: Fotima Pasandideh, Zaxro Ganbari, Zaxro Sarbali, Atefe Ramazonzoda va Mona Hamudi. Ular siyosiy faol emasligini, faqat xavfsizlikni istayotgan sportchilar ekanini bildirgan.

Bu voqea jamoaning Janubiy Koreyaga qarshi birinchi o‘yinida futbolchilar milliy madhiya paytida jim turib qolganidan keyin boshlangan. Video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan va bu harakat Eron hukumatiga qarshi norozilik belgisi sifatida baholangan.

Eron davlat OAVlari esa bu harakatni qattiq tanqid qilgan. Televideniye boshlovchilaridan biri buni “vatanga xiyonat” deb atagan va futbolchilarga nisbatan qattiq chora ko‘rish kerakligini aytgan.

Huquq himoyachilari bunday bayonotlardan keyin futbolchilarning xavfsizligi uchun jiddiy xavotir bildirgan. Chunki Eronda davlatga xiyonat aybi uchun og‘ir jazolar, hatto o‘lim jazosi ham qo‘llanishi mumkin.

Avstraliyadagi qochqinlar huquqini himoya qiluvchi tashkilotlar va faollar hukumatni futbolchilarni himoya qilishga chaqirgan. Shuningdek, Eronning sobiq shohining o‘g‘li Rizo Pahlaviy ham Avstraliya hukumatidan ularga xavfsizlik va yordam berishni so‘ragan.


Maqola muallifi

Teglar

viza Eron Avstraliya Osiyo kubogi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing