Britaniya doimiy yashash huquqini olish uchun 20 yillik muddat qo‘yadi

Olam

image

Buyuk Britaniya Ichki ishlar vaziri Shabana Mahmud bugun, 17 noyabr kuni migrantlarga oid yangi qoidalarni e’lon qilishi kutilmoqda. Bu qoidalar mamlakatga noqonuniy yo‘l bilan kirganlarga doimiy yashash huquqi olish uchun ariza berish muddatini 20 yilga uzaytiradi. Bu haqda “The Sunday Times” xabar berdi.

Bu 20 yillik kutish muddati kichik qayiqlarda, yuk mashinalarida yoki boshqa noqonuniy yo‘llar bilan kelganlar, shuningdek, vizasi muddati o‘tib ketgandan keyin boshpana so‘raganlarga ham tatbiq etiladi. Yangi tartiblarda “malakali qochqinlar” uchun istisnolar nazarda tutilgan – agar ular maxsus belgilangan ish yoki o‘qishga jalb qilinsa, 20 yillik muddat qisqartirilishi mumkin.

Buyuk Britaniyaga rasmiy ko‘chirish dasturlari orqali qonuniy kelganlar uchun esa doimiy yashash huquqini olish muddati 10 yil etib belgilanadi.

Hozirgi amaldagi tizimda qochqinlik maqomi 5 yil davom etadi, so‘ngra ular yashash huquqi olish uchun ariza berishi mumkin. Ichki ishlar vaziri bu muddatni 2,5 yilga qisqartirmoqchi, shundan keyin qochqinlik muntazam qayta ko‘rib chiqiladi. Agar qochqinlar kelgan mamlakat xavfsiz deb topilsa, uni uyiga qaytarish rejalashtiriladi.

Shabana Mahmudning aytishicha, yangi qoidalar “qochqinlar Britaniyaga mamlakatga kelmasin” degan aniq signalni berishga qaratilgan. U, ayniqsa, Yevropaning bir necha xavfsiz davlatlaridan o‘tib, Fransiyaning shimolida qayiqda yo‘lga chiqishga urinayotganlarga ogohlantirish berayotganini ta’kidlagan.

OAVning yozishicha, ushbu reja Daniya islohoti namunasi asosida ishlab chiqilgan. Daniyada boshpana uchun arizalar soni 40 yillik minimumga tushgan bo‘lib, murojaat qilganlarning 95 foizi rad javobi oladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniyada davlatga dushman bo‘lgan, xorijiy hukumatlar manfaatlariga ishlashi mumkin bo‘lgan shaxslar bo‘yicha olib borilayotgan tergovlar soni o‘tgan yilga nisbatan 35 foizga oshgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya Shabana Mahmud doimiy yashash huquqi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing