Britaniyadan qullik uchun tovon talab qilinmoqda
Olam
−
17 noyabr 4297 2 daqiqa
Karib havzasi va Afrika mamlakatlari Buyuk Britaniyadan qullik uchun tovon talab qilyapti. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Karib hamjamiyati (CARICOM) tarkibidagi davlatlarning reparatsiyalar bo‘yicha komissiyasi delegatsiyasi Buyuk Britaniya rasmiylari va siyosatchilari bilan uchrashib, qullik va mustamlakachilikning tarixiy adolatsizligi hamda uning uzoq muddatli oqibatlarini bartaraf etish masalalarini muhokama qiladi.
CARICOM’ga a’zo 15 davlat taqdim etmoqchi bo‘lgan reparatsiya rejasi “to‘liq va rasmiy uzr so‘rash, ta’lim dasturlarini kengaytirish, qarzlarni bekor qilish hamda moliyaviy kompensatsiya” kabi talablarni o‘z ichiga oladi.
Shu kabi reja Afrika ittifoqiga a’zo davlatlar tomonidan ham ishlab chiqilmoqda. Bu mamlakatlar Yevropaning XV-XIX asrlardagi qullar savdosi uchun kompensatsiya talab qilyapti. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha davrda 12,5 milliondan ortiq afrikalik qulga aylantirilgan.
Nashrning yozishicha, dunyoda reparatsiya talablariga nisbatan salbiy munosabat kuchayib bormoqda. Ko‘plab Yevropa yetakchilari esa zamonaviy davlatlar tarixiy xatolar uchun javobgar bo‘lolmasligini aytib, bu mavzuni muhokama qilishga qarshi chiqmoqda.
“The Repair Campaign” buyurtmasi asosida o‘tkazilgan 2025 yilgi so‘rov natijalariga ko‘ra, Buyuk Britaniyada respondentlarning 85 foizi mamlakat Karib havzasi davlatlariga uch milliondan ortiq afrikalikni majburan ko‘chirganini bilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1 mingga yaqin yahudiy Litvadan Ikkinchi jahon urushi paytida tortib olingan ko‘chmas mulk uchun tovon puli talab qilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi