Katta Isroil g‘oyasi yoxud keyingi nishon Turkiya
Tahlil
−
12:40 4661 7 daqiqa
Hamma tinchlik istayapti, faqat, Isroildan tashqari. Tel-Avivdan kelayotgan jangga chorlovlar Yaqin Sharq mintaqasini beqarorlashtirishda davom etyapti. Amerika va Eron sulh tuzish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgan bir paytda, Bayrut qamal ostida qolmoqda. Eronning sulh shartlari qatorida bo‘lgan “Hizbulloh”ga hujum qilmaslik sharti Netanyahu tomonidan ochiqchasiga rad etildi hamda barcha raketa va snaryadlar Livanga yo‘naltirildi.
Ma’lumingizki, shu yilning 7 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan ikki haftalik o‘zaro o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sulhga erishilganini e’lon qilgandi. Rejaga ko‘ra, 10 apreldan boshlab mojaroni butunlay to‘xtatishga yo‘naltirilgan muzokaralar boshlanishi kerak edi. Ammo Isroilning harakatlari shuni ko‘rsatmoqdaki, mutlaq tinchlik o‘rnatilishiga hali erta.
Isroil to‘xtamaydi
Bir oydan oshiqroq vaqt mobaynida davom etgan urush hammani holdan toydirdi. Urushning uchchala ishtirokchisi ham yetarlicha zarar ko‘rdi. Urushdan chiqishga shaylanib qolgan AQSH rahbari 5 aprel sanasida navbatdagi 48 soatlik ultimatumni Eronga yo‘lladi va o‘t ochishni to‘xtatmasa butun sivilizatsiyani yo‘q qilish bilan qo‘rqitdi.
“7 aprel – Eronda elektr stansiyalari va ko‘priklar kuni bo‘ladi. Barchasi bir vaqtning o‘zida portlaydi. Bunday narsa hali hech qachon bo‘lmagan!!! Bo‘g‘ozni oching, la’nati telbalar, aks holda jahannamga ravona bo‘lasiz, faqat kuting!”, deya o‘dag‘aylagan Oq uy rahbari.
“Bu kecha butun sivilizatsiya yo‘q qilinadi va hech qachon qayta tiklanmaydi. Men bunday bo‘lishini xohlamayman, lekin, ehtimol, shunday bo‘ladi. Ammo bizda zolim rejimni o‘zgartirish imkoni tug‘iladi.” deb yozadi Tramp o‘zining “Truth Social” tarmog‘ida.
Genotsid tahdidi xalqaro maydonda har qancha e’tirozlar bilan qarshi olinmasin, bu gal ish berdi va 7 apreldan 8 aprelga o‘tar kechasi Pokiston vositachiligida tomonlar ikki haftalik birinchi bosqich sulhiga erishganini e’lon qildi.
Butun dunyo bu kelishuvni Yaqin Sharqqa tinchlikni qaytaruvchi dastlabki qadamlar deb qaray boshlagan edi. Ammo bu mojaroda uchinchi tomonning ham borligi konsensusga kelishni yanada murakkablashtirmoqda. Bilib turganingizdek, gap Isroil hukumati haqida ketmoqda. Vashington va Tehron o‘rtasida asosiy vositachi sifatida chiqqan Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif vaqtinchalik sulh Livanda ham amal qilishini ta’kidlagan bo‘lsa-da, hali kelishuv siyohi qurib ulgurmasdan, Isroil mudofaa kuchlari Livanning janubiy hududlariga va Bayrut atrofiga keng ko‘lamli raketa hujumlarini boshladi.
”Ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish Livanni o‘z ichiga olmaydi”, deydi Netanyaxu.
8 aprel erta tongda Isroil harbiylari Livanning janubiy hududlari bo‘lmish Tir va Nabatiya shaharlariga havo hujumlarini uyushtirdi. Hujumlar oqibatida bir necha qishloqlar vayron bo‘ldi, kamida 254 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda. Qayd etish joizki, 8 aprel kuni Isroil Mudofaa vazirligi Livanda fevral oyining oxiridan beri eng yirik operatsiyani o‘tkazganini ma’lum qildi. O‘n daqiqa ichida bir vaqtning o‘zida bir nechta hududlarga zarbalar berilgan.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu o‘zining X sahifasida Isroil “Yaqin Sharqdagi terrorga barham berish uchun” quruqlik va havo hududidagi operatsiyalarini davom ettirishini, Isroilning Livanga hujum qilishdan asosiy maqsadi “Hizbulloh”ni butunlay yo‘q qilish ekanligini aytgan.
Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan shia paramilitar guruhi “Hizbulloh”ga nisbatan bo‘layotgan bunday bosimlar o‘z navbatida Tehronni ham sulhga ishonchsizlik bildirishiga va Hormuzni ochishdan bosh tortishiga olib kelmoqda. Shubhasiz, Hormuzning ochilmasligi o‘z navbatida AQSHning asosiy talablaridan biri bajarilmasligini anglatadi va agar tomonlar bu tarzda ziddiyatni davom ettirsa, mustahkam tinchlik bitimini imzolash uchun ikki hafta kamlik qilishi tabiiy.
Shu o‘rinda savol paydo bo‘ladi. Isroilning maqsadi chindan terrorizmga qarshi kurashmi yoki qasddan urushni tugashiga to‘sqinlik qilishmi? Agar maqsad mojaroni cho‘zish bo‘lsa, bundan unga nima foyda bo‘lishi mumkin?
Isroilning bugungi harakatlari “o‘t ochishni to‘xtatish” tushunchasini masxara qilishdek ko‘rinmoqda. Tahlillarga ko‘ra, Isroil uchun asosiy strategik masala — Yaqin Sharqda harbiy-siyosiy ustunlikni saqlab qolish. Bu yo‘lda Eron eng jiddiy va tizimli raqib sifatida ko‘riladi. Shu sabab, Tel-Aviv sulhni strategik yakun emas, balki vaqtinchalik pauza sifatida qabul qilayotgani sezilmoqda.
Aslida, bu yondashuv Isroilning uzoq muddatli siyosiy maqsadlari bilan hamohang: mintaqada potensial gegemon sifatida shakllanish va o‘ziga tahdid bo‘lishi mumkin bo‘lgan kuchlarni jilovlash. Eronning yadroviy dasturi, mintaqadagi proksi tarmoqlari va ideologik ta’siri Isroil uchun nafaqat xavf, balki strategik to‘siq sifatida baholanadi.
Natijada, bugungi vaziyat oddiy harbiy qarama-qarshilik emas, balki Yaqin Sharq kelajagi uchun kurashga aylanmoqda. Va bu kurashda sulh — faqat vaqtdan yutish vositasiga o‘xshaydi.
Katta Isroil konsepsiyasi
Yaqin Sharqdagi qonli to‘qnashuvlar shunchaki chegara daxlsizligi yoki “Hizbulloh” va “Hamas” kabi guruhlarni yo‘q qilish amaliyoti emasligi kundan kun ayon bo‘lib bormoqda. 2026 yil apreliga kelib, mintaqadagi harbiy harakatlar ko‘lami shunchalik kengaydiki, endilikda tahlilchilar Tel-Avivning uzoq muddatli va o‘ta xavfli strategiyasi — “Buyuk Isroil” (Greater Israel) g‘oyasi haqida ochiq gapira boshladilar. Agar Eron bu kurashda mag‘lub etilsa yoki neytrallansa, Isroilning keyingi nishoni kim bo‘ladi? Bu savolga javob izlagan ko‘plab ekspertlar nigohi Anqaraga — Turkiyaga qaratilmoqda.
“Buyuk Isroil” yoki “Erets Yisrael Hashleima” g‘oyasi — bu shunchaki radikal diniy oqimning orzusi emas, balki Isroilning o‘ng qanot siyosatchilari va sionistik doiralarning asosiy mafkuraviy yo‘nalishidir. Tarixiy, diniy manbalar va “Nildan Frotgacha” (From the Nile to the Euphrates) tushunchasiga tayanadigan ushbu g‘oya Isroil davlati chegaralarini hozirgi hududlardan bir necha barobar kengaytirishni nazarda tutadi. Bu loyiha Misr, Iordaniya, Suriya, Livan, Iroq, Saudiya Arabistonining bir qismi va eng muhimi, Turkiyaning janubi-sharqiy hududlarini qamrab oladi.
Nega aynan Turkiya? Oxirgi oylarda Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an o‘z chiqishlarida Isroilning tajovuzkorligini shunchaki Falastin bilan cheklanmasligini, navbatdagi maqsad “Anadolu” tuproqlari ekanini bir necha bor ta’kidladi. Isroilning “Hizbulloh”ga qarshi Livanda olib borayotgan va 2026 yil 8 aprelda yangi bosqichga chiqqan raketa hujumlari strategik jihatdan Turkiya chegaralariga yaqinlashish uchun tashlangan qadam sifatida baholanmoqda. Agar Eron mintaqaviy o‘yinchi sifatida safdan chiqarilsa, Turkiya Isroilning gegemonligiga to‘sqinlik qiluvchi keyingi yirik islomiy va harbiy qudrat bo‘lib qoladi.
Tarixiy dalillarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, “Buyuk Isroil” xaritalari turli davrlarda Isroil parlamentida (Knesset) ham, ayrim siyosatchilarning ramzlarida ham ko‘rinish bergan. Masalan, Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrichning o‘tmishdagi chiqishlarida Iordaniyani ham o‘z ichiga olgan xarita aks etgani xalqaro maydonda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi. Bugun esa bu xaritalar harbiy amaliyotlar bilan hayotga tatbiq etilayotgandek tasavvur uyg‘otmoqda. Isroilning 2024–2026 yillardagi harbiy byudjeti keskin oshishi va AQSHdan olinayotgan rekord darajadagi (yiliga 3,8 milliard dollardan ortiq) harbiy yordamlar aynan mana shu ekspansiya uchun poydevor vazifasini o‘tamoqda.
Isroil uchun Eron — bu “qarshilik o‘qi”ning yuragi. Agar kelgusida sulh amalga oshmay, Eron to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarbaga uchrasa, mintaqadagi kuchlar balansi butunlay izdan chiqadi. Eronning mag‘lubiyati Iroq va Suriyaning shimolidagi bo‘shliqni keltirib chiqaradi. Aynan shu hududlar Isroilning “xavfsizlik kamari” niqobi ostida o‘z nazoratiga olishni istagan “Frot havzasi” hisoblanadi. Turkiya uchun esa bu bevosita milliy xavfsizlikka tahdiddir, chunki gap nafaqat yer, balki mintaqadagi suv resurslari va energiya yo‘llari ustidan nazorat haqida ketmoqda.
Bugun Yaqin Sharqda shaxmat taxtasi yig‘ishtirib qo‘yilib, o‘rniga omon qolish va hududlarni bo‘lib olish o‘yini boshlangan. Isroil o‘zining sionistik mafkurasi asosida chizilgan xaritalarni amalga oshirish uchun vaqtdan unumli foydalanmoqda. Dunyo hamjamiyati G‘azo va Livandagi insoniy yo‘qotishlar bilan band bo‘lgan bir paytda, Tel-Aviv uzoq yillik strategik rejasining navbatdagi bandlariga o‘tmoqda. Eng daxshatlisi esa, Tel-Avivga dunyoning eng qudratli davlati AQSH yordam bermoqda. Isroil lobbisining ta’siri bugun nafaqat Amerika xalqi ongida balki Oq uy eshiklari ortida ham katta ta’sirga ega bo‘lib qolmoqda. Kim yahudiylarga qarshi bir so‘z gapirsa “toshbo‘ron qilinmoqda”, obro‘sizlantirilmoqda yoki yo‘q qilinmoqda.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, “Buyuk Isroil” g‘oyasi shunchaki utopiya emas, balki aniq moliyaviy, harbiy va siyosiy qo‘llab-quvvatlovga ega loyihadir. Eronning zaiflashishi bu loyihaning ikkinchi bosqichini boshlab beradi va unda Turkiya o‘z hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun misli ko‘rilmagan bosimga duch kelishi muqarrar. Hozircha esa raketalar sadosi va diplomatik muzokaralar ortida yangi Yaqin Sharq xaritasi qon bilan chizilmoqda. Bu xaritada Turkiya va boshqa davlatlar uchun joy qoladimi yoki yo‘q — buni yaqin oylar ko‘rsatadi. Bir narsa aniqki Isroil hali to‘xtamaydi!
Live
Barchasi