Epshteyn fayllari: BMT ekspertlari aybdorlarni jazolashga chaqirdi
Olam
−
12:39 2061 2 daqiqa
BMTning mustaqil ekspertlari Epshteyn fayllarida odam savdosida ayblanayotgan shaxslarni javobgarlikka tortishga chaqirdi. Bu haqda tashkilotning yangiliklar xizmati xabar berdi.
“Biz Epshteyn fayllarida keltirilgan, yosh ayollar va qizlarni jinsiy ekspluatatsiya maqsadida tizimli ravishda savdoga chiqarilganiga oid asosli ayblovlardan jiddiy xavotirdamiz va bu masala yuzasidan har tomonlama hamda shaffof tergov o‘tkazishga chaqiramiz”, deyiladi bayonotda.
Huquq himoyachilari, shuningdek, bunday jinoyatlarning oldini olish sohasida “halokatli muvaffaqiyatsizliklar” mavjudligini, tegishli organlar jabrlanuvchilarni aniqlash va himoya qilish hamda aybdorlarni ta’qib qilishda ojizlik qilayotganini qayd etgan.
“Bolalar savdosining global miqyosda uzoq vaqt davom etgani, qolaversa, bunda ko‘plab dunyoga mashhur shaxslar ishtirok etgani – ayollarga nisbatan diskriminatsiya va zo‘ravonlik patriarxal tizimlarda qanchalik chuqur ildiz otganini ko‘rsatadi”, deyiladi bayonotda.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, yosh ayollar va qizlarning tanasini buyum sifatida ishlatgan, bolalarning kamsituvchi holatlardagi suratlarini tarqatgan shaxslar albatta javobgarlikka tortilishi kerak.
“Bolalar va yosh ayollar savdosi bu og‘ir jinoyat hamda inson huquqlarining qo‘pol buzilishidir. Biz davlatlar va huquqni muhofaza qilish organlarining e’tibori mutlaqo yetarli bo‘lmaganidan chuqur xavotirdamiz”, deyiladi bayonotda.
Ekspertlar aybdorlarni javobgarlikka tortmaslik – jazosizlik madaniyatining shakllanishiga olib kelishini, bu esa ayollar va qizlarga katta zarar yetkazishini ta’kidlagan.
“Biz davlatlarga jinsiy ekspluatatsiya maqsadida odam savdosining oldini olish, jabrlanuvchilarni aniqlash, ularga yordam ko‘rsatish va ularni himoya qilish xalqaro huquq doirasida ularning majburiyati borligini eslatamiz”, deya ta’kidlagan ekspertlar.
Epshteyn ishi
2025 yilning 19 dekabr kuni AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi bo‘yicha federal tergovning qolgan materiallarini e’lon qilgan. Ular 3 milliondan ortiq sahifa hujjatlar, 2 mingdan ziyod videoyozuv va 180 mingta suratni o‘z ichiga oladi. Hujjatlarda Trampning ismi 3 ming martadan ko‘proq tilga olingan.
Shuningdek, maxfiylikdan chiqarilgan hujjatlarda 30 yildan ortiq vaqt avval Nyu-Jersida 13 yoki 14 yoshli qiz Tramp bilan jinsiy aloqaga majburlangani haqida tasdiqlanmagan ma’lumot tarqalgan. Bu ma’lumotlar taxminiy jabrlanuvchining “aniqlanmagan dugonasi”dan kelib tushgan.
Tramp esa Epshteyn bilan taxminan 20 yil avval aloqani uzganini va uning jinsiy jinoyatlaridan bexabar bo‘lganini aytmoqda.
Live
Barchasi