Eron urushning oltinchi kunigacha nimalarni yo‘qotdi?
Olam
−
05 mart 9646 5 daqiqa
Olti kundirki Yaqin Sharq mintaqasida AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy operatsiyalari davom etmoqda. Bir qator tinch aholi hududlariga berilgan zarbalar, havo hududlarining yopilishi va hujumga uchragan davlatlarning keskin bayonotlari sabab mintaqada xavfsizlik bilan bog‘liq holat o‘zgarishsiz qolmoqda. Xorijiy OAVlar tomonidan e’lon qilingan xabarlarda ta’kidlanishicha, so‘nggi kunlarda Eronning raketa va dron hujumlari sezilarli darajada kamaygan. Shu bilan birga, AQSH va Isroil Eronning harbiy infratuzilmasiga, jumladan, raketa bazalari, dron inshootlari va dengiz flotiga zarba berishda davom etmoqda.
Raketalar soni keskin kamaydi
G‘arb rasmiylariga ko‘ra, urushning birinchi kunida Eron yuzlab raketa uchirgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich o‘nlab raketalargacha kamaygan. AQSH Oliy qo‘mondoni general Den Keynning ma’lum qilishicha, Eronning ballistik raketa uchirishlari urush boshlanganidan beri sezilarli darajada ozaygan. AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) esa so‘nggi 24 soat ichida ham hujumlar yana 23 foizga kamayganini bildirgan. Urushdan oldin Eron zaxirasida 2000 dan ortiq qisqa masofali ballistik raketa borligi taxmin qilingan. Biroq harbiylar o‘z qurol zaxiralari haqidagi aniq raqamlarni odatda oshkor qilmaydi.
Dron hujumi ham sustlashgan
AQSH va Isroilning Eronga hujumidan oldin bir qancha rasmiy manbalar Tehron minglab “Shahid” turidagi hujum dronlarini ishlab chiqarganini ma’lum qilgan. Qayd etilishicha, bu dronlar Rossiya tomonidan Ukrainadagi urushda ham qo‘llanilgan. AQSH harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, hozirda Eronning dron hujumlari ham keskin kamaygan. General Den Keynning aytishicha, mojaro boshlanganidan beri dron hujumlari 73 foizga qisqargan. Mutaxassislar esa buni Eronning uzoq davom etishi mumkin bo‘lgan urush uchun qurol zaxiralarini tejashga urinayotgani bilan izohlamoqda.
Raketa bazalari va harbiy ob’ektlar nishonga olinmoqda
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari AQSH va Isroil hujumlari oqibatida Eronning bir qator harbiy ob’ektlari zarar ko‘rganini ko‘rsatmoqda. Ular orasida Isfahon raketa inshootlari, Kirmanshohdagi raketa bazasi, Konarak dron bazasi, Zahedan aviabazasidagi radar tizimi va Natanz yadroviy ob’ekti bor. AQSH harbiylariga ko‘ra, hujumlar tufayli yuzlab raketalar, dronlar va havo mudofaa tizimlari yo‘q qilingan. Mojaroning birinchi kunida Eron hukumati binolari AQSH va Isroil zarbalarining asosiy nishoniga aylandi. Oqibatda Eronning Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy va bir necha yuqori martabali amaldorlar halok bo‘ldi.
Rasmiy manbalarning bildirishicha, urushning oltinchi kuniga kelib, AQSH va Isroil kuchlari Tehron ustidan havo ustunligini qo‘lga kiritgan. Ayni vaqtda AQSH va Isroilning asosiy nishoni Eronning raketa uchirish maydonlari, dron bazalari, qurol omborlari va harbiy mahsulot ishlab chiqarish zavodlari hisoblanadi. AQSHning Yaqin Sharqdagi markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lumotiga ko‘ra, urushning keyingi bosqichi aynan shu obektlarni aniqlab, yo‘q qilishga qaratiladi.
Eron dengiz floti ham zarba ostida
OAV sun’iy yo‘ldosh orqali olingan ma’lumotlarga asoslanib, AQSH va Isroil zarbalari oqibatida kamida 11 ta Eron harbiy kemasi shikastlangani yoki yo‘q qilingani haqida xabar bergan. Bandar-Abbos va Konarak dengiz bazalarida bir nechta kemalar yonib ketganini tasvirlarda ko‘rish mumkin. Shikastlangan kemalar orasida Eronning eng yirik harbiy kemalaridan biri — IRINS Makran ham bor. AQSH harbiylari esa umumiy hisobda 17 ta Eron kemasi yo‘q qilinganini da’vo qilmoqda.
AQSH Mudofaa vaziri Pit Xegsetning aytishicha, bugun, 5 mart kuni mamlakat suvosti kemasi Hind okeanida Eron harbiy kemasiga torpedo bilan zarba bergan. Oqibatda kema Shri-Lanka qirg‘oqlari yaqinida cho‘kib ketgan. Shri-Lanka rasmiylarining ma’lum qilishicha, kema bortida taxminan 180 kishi bo‘lgan. Qutqaruvchilar hozirgacha 80 ga yaqin jasadni topgan, 32 kishi qutqarilgan. Qolganlar bedarak yo‘qolgani aytilmoqda. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bu hodisani xalqaro suvlarda sodir etilgan “vahshiylik” deb atagan.
Qurbonlar soni oshmoqda
Inson huquqlari faollari axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, mojaro boshlanganidan beri Eronda 1000 nafardan ortiq odam halok bo‘lgan. Isroilda esa bu ko‘rsatkich 11 kishi ekani aytilmoqda. Shuningdek, Quvaytdagi AQSH aviabazasiga hujumda 6 amerikalik askar vafot etgan. Mintaqada tobora urush o‘chog‘iga aylanib borar ekan qurbonlar soni ham o‘zgarishi mumkin.
400 yillik tarixiy yodgorlik zarar ko‘rdi
Tehrondagi 400 yillik Guliston saroyi ham portlashlar oqibatida zarar ko‘rgan. Saroy UNESCO’ning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, Eronning eng muhim tarixiy yodgorliklaridan biri hisoblanadi. Mahalliy OAVga ko‘ra, portlash to‘lqinlari oqibatida saroyning oynali devorlari, bezaklari va tarixiy eshiklariga zarar yetgan.
Eron iqtisodiy tanazzuldami?
Harbiy to‘qnashuvlar sabab Erondan xabar olish tobora qiyinlashmoqda. Mamlakatning katta qismida internet uzilgani sababli yangiliklar oqimi kamaygan. Biroq xorijiy OAVlarning mahalliy manbalarga tayanib xabar berishicha, Eronda iqtisodiy bosim va xavfsizlik bilan bog‘liq keskinliklar bir vaqtda kuchayib, odamlar hayoti yanada og‘irlashgan. Aslida iqtisodiy muammolar ancha yillar oldin boshlangan. Bu inqiroz yillar davomida xalqaro sanksiyalar va iqtisodiy boshqaruvdagi muammolar sabab shakllangan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil fevral oyida Eronda inflyatsiya darajasi 68,1 foizga yetgan. Bu so‘nggi o‘n yilliklar ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Mamlakatda oziq-ovqat narxlarida keskin oshmoqda. O‘tgan yil bilan solishtirganda, umumiy oziq-ovqat narxlari 110 foiz, non va don mahsulotlari 142 foiz, go‘sht 117 foiz, sut mahsulotlari 108 foiz, mevalar 113 foiz va o‘simlik moyi 207 foizga qimmatlashgan.
2025–2026 yillarda maoshlar taxminan 45 foizga oshgan, xolos. Oqibatda ko‘plab oilalar oziq-ovqat va dori-darmon xarajatlarini kamaytirishga majbur bo‘lmoqda. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ish tashlashlar neft va logistika tizimining ayrim qismlariga ham ta’sir qilgan. Bu esa transport va ta’minot zanjirlarida uzilishlarga olib kelgan. Umuman olganda, Eron bugungi kunga kelib qator inqirozlar ichida kun kechirmoqda.
Urushning keyingi taqdiri
AQSH Prezidenti Donald Tramp urush 4–5 hafta davom etishi mumkinligini, ammo zarurat bo‘lsa undan ham uzoqroq muddatga cho‘zilishini ma’lum qilgan. Eron tomoni ham Oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanayining o‘limi ortidan qasos muqarrarligini va tarixdagi eng shiddatli hujumlar hali oldinda ekanini bildirgan. Tahlilchilarning fikricha, mojaro bir necha xil ssenariy bilan yakunlanishi mumkin. Jumladan, Eron rejimining zaiflashishi yoki parchalanishi, yangi rahbarning yanada keskin siyosat yuritishi, mintaqada Isroil ta’sirining kuchayishi yoki uzoq davom etadigan beqarorlik.
Mutaxassislar Yaqin Sharqdagi vaziyat yaqin haftalarda global siyosat va energetika bozorlariga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda.