Eron JCH-2026 da qatnashish uchun mezbonlarga bir nechta shart qo‘ydi

Sport

image

Eron futbol federatsiyasi futbol bo‘yicha 2026 yilgi jahon chempionatida ishtirok etish uchun kafolatlar talab qilib, 10 ta shart qo‘ydi. Bu haqda “Le Parisien” gazetasi xabar berdi.

“Biz albatta 2026 yilgi jahon chempionatida qatnashamiz, biroq mezbon davlatlar bizning xavotirlarimizni inobatga olishi kerak. Biz musobaqada ishtirok etamiz, ammo o‘z e’tiqodimiz, madaniyatimiz va qarashlarimizdan voz kechmaymiz”, deyiladi federatsiya bayonotida.

Eron tomoni ilgari surgan shartlar orasida Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi safida harbiy xizmat o‘tagan futbolchilar va murabbiylar shtabi a’zolariga viza berilishi, jamoa xodimlari, Eron bayrog‘i va madhiyasiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, aeroportlar, mehmonxonalar va stadionlarga olib boruvchi yo‘llarda yuqori darajadagi xavfsizlikni ta’minlash kabi talablar bor.

11 mart kuni Eron Sport vaziri Ahmad Donyamali milliy jamoa jahon chempionatida qatnashmasligini ma’lum qilgan edi. Biroq, 16 mart kuni Osiyo futbol konfederatsiyasi bosh kotibi Vindsor Jon Eron tomonidan turnirni boykot qilish haqida hech qanday rasmiy xabar kelmaganini aytdi.

Keyinroq Eron terma jamoasi jahon chempionatini boykot qilmasligini, federatsiya esa FIFA bilan jamoa o‘yinlarini Meksikaga ko‘chirish masalasini muhokama qilayotganini bildirilgan. FIFA prezidenti Infantino esa Eron terma jamoasi turnirda qatnashishiga umid qilayotganini va tashkilot jamoa uchun eng yaxshi sharoitlarni yaratishga harakat qilishini ta’kidlagan.

Eron terma jamoasi guruh bosqichidagi barcha uchrashuvlarini AQSHda o‘tkazishi kerak. Jamoa bir guruhdan Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya terma jamoalari bilan joy olgan.

Turnir 11 iyundan 19 iyulgacha davom etadi va ilk bor 48 ta jamoa ishtirok etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA prezidenti Janni Infantino Kanadaning Vankuver shahrida o‘tkazilgan kongressda Eron milliy terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatida ishtirok etishini va o‘yinlarini AQSH hududida o‘tkazishini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

FIFA Janni Infantino JCh-2026

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing