JCH-2026 ning barcha ishtirokchilari aniqlandi
Sport
−
01 aprel 3823 2 daqiqa
Iroq terma jamoasi JCH-2026 ga yo‘l olgan so‘nggi – 48-jamoaga aylandi. Qit’alararo o‘tish o‘yinining hal qiluvchi bahsida iroqliklar Boliviyani 2:1 hisobida mag‘lub etdi.
Jamoa bosh murabbiyi Grem Arnold qo‘l ostida o‘yinni faol boshladi va 9-daqiqada hisobni ochdi. Burchak zarbasidan keyin Ali Al-Hamadi gol urdi. Biroq tanaffusgacha Boliviya hisobni tenglashtirdi – Moyses Paniagua aniq zarba bilan javob qaytardi.
G‘alaba goli ikkinchi bo‘limda kiritildi: qanotdan uzatmadan so‘ng jamoa sardori Ayman Husayn to‘pni birinchi tegishda darvozaga yo‘lladi.
Uchrashuv so‘ngida boliviyaliklar kuchli bosim o‘tkazib, o‘yinni qo‘shimcha vaqtga olib o‘tishga harakat qildi. Biroq Iroq himoyasi, hatto 9 daqiqa qo‘shib berilgan vaqtda ham bosimga bardosh berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Yaqin Sharqdagi mojaro sabab Iroq terma jamoasi o‘yin o‘tkaziladigan joyga qariyb uch kun davomida yetib borgan. Bu g‘alaba Iroq uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi: terma jamoa 1986 yildan beri ilk bor jahon chempionatida ishtirok etadi. Turnirda ular “I” guruhidan o‘rin oldi va Fransiya, Norvegiya hamda Senegal terma jamoalariga qarshi o‘ynaydi.
Qit’alararo o‘tish o‘yinlari orqali final bosqichiga Iroq (Boliviya ustidan 2:1 hisobida g‘alaba) va Kongo Demokratik Respublikasi (Yamayka ustidan 1:0 hisobida g‘alaba) yo‘l oldi.
To‘liq guruhlar quyidagicha shakllandi:
- “A” guruhi: Meksika, JAR (Janubiy Afrika Respublikasi), Janubiy Koreya, Chexiya.
- “B” guruhi: Kanada, Bosniya va Gersegovina, Qatar, Shveysariya.
- “C” guruhi: Braziliya, Marokash, Gaiti, Shotlandiya.
- “D” guruhi: AQSH, Paragvay, Avstraliya, Turkiya.
- “E” guruhi: Germaniya, Kyurasao, Kot-d'Ivuar, Ekvador.
- “F” guruhi: Niderlandiya, Yaponiya, Shvetsiya, Tunis.
- “G” guruhi: Belgiya, Misr, Eron, Yangi Zelandiya.
- “H” guruhi: Ispaniya, Kabo-Verde, Saudiya Arabistoni, Urugvay.
- “I” guruhi: Fransiya, Senegal, Iroq, Norvegiya.
- “J” guruhi: Argentina, Jazoir, Avstriya, Iordaniya.
- “K” guruhi: Portugaliya, Kongo DR, O‘zbekiston, Kolumbiya.
- “L” guruhi: Angliya, Xorvatiya, Gana, Panama.
Jahon chempionati 11 iyunda boshlanadi va 19 iyulda yakuniga etadi. Turnirda ilk bor 48 ta jamoa ishtirok etadi. O‘yinlar uchta mamlakatda: AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Italiya terma jamoasi esa ketma-ket uchinchi marta ushbu turnir saralashidan o‘ta olmagani haqida xabar berilgan edi.