Eronda Nobel mukofoti laureati qo‘lga olindi

Olam

image

Kecha, 12 dekabr kuni Eronda huquq himoyachisi va Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Nargiz Mohammadi qo‘lga olindi. Hodisa Mashhad shahrida huquq himoyachisi bo‘lgan advokat Xusrav Alikordining xotira marosimi vaqtida sodir bo‘lgan. Bu haqda faolaning jamg‘armasi X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

U bilan birga yana bir nechta huquq himoyachilari ham hibsga olingan. Ularning qo‘lga olinishi sabablari aniqlashtirilmagan, Eron rasmiylari hozircha bu borada izoh bermagan.

Ma’lumot uchun, Nargiz Mohammadi 2021 yil noyabr oyidan beri qamoqda edi. U davlatga qarshi fitna va hukumatga qarshi targ‘ibot ayblovlari bilan sudlanib, jami 36 yil ozodlikdan mahrum etilgan. U hozirga qadar 10 yilini o‘tab bo‘lgan. 2024 yil dekabr oyida sog‘lig‘i sababli unga 21 kunlik ta’til berilgan, keyinchalik bu muddat yana olti oyga uzaytirilgan.

Nargiz Mohammadi 2023 yilda Eronda ayollarga nisbatan zulmga qarshi kurashgani va inson huquqlarini ilgari surgani uchun Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronda Yevropadagi ikki davlatning fuqaroligiga ega bo‘lgan ikki shaxs ustidan sud jarayoni boshlangani va ular “xorijiy razvedka xizmatlari bilan hamkorlik qilish” hamda “sionistik rejim (Isroil) foydasiga josuslik”da ayblanayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Nobel' Nargiz Mohammadi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing