Machado Nobel mukofotini olishga ulgurmadi
Olam
−
11 dekabr 8515 2 daqiqa
2025 yilgi Nobel tinchlik mukofoti sovrindori, Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machado bugun, 11 dekabrga o‘tar kechasi Osloga yetib keldi. Bu haqda Nobel qo‘mitasi raisi Yorgen Vatne Fridnes xabar berdi.
Machado shu tariqa marosim bo‘lib o‘tgan kundan bir necha soatga kechikib, rasmiy mukofot topshirish tadbiriga yetib kela olmadi.
Machado Oslodagi Grand Hotel mehmonxonasi balkonida ko‘rinib, yig‘ilgan odamlarni qutladi. U qo‘lini yuragiga qo‘yib kuyladi va keyin ko‘chada to‘planganlarga qo‘shildi. Keyinroq u X ijtimoiy tarmog‘ida shu uchrashuvdan fotosurat e’lon qilib: “Butun Venesuelaga kerak bo‘lgan bag‘rikenglik. Rahmat!!”, deb yozdi.
58 yoshli siyosatchi so‘nggi bir yildan ortiq vaqt davomida Venesuela hukumatidan qochib yashar edi va Norvegiyaga kelishi uchun mamlakatni yashirincha tark etishga majbur bo‘ldi. U o‘n yillik mamlakatdan chiqish ta’qiqini buzdi. Uning o‘rniga Nobel tinchlik mukofotini Osloda uning qizi – Ana Korina Sosa Machado qabul qilib oldi.
Onasi nomidan nutq so‘zlagan Korina Venesuela hukumatining “davlat terrorizmi”ni qoraladi. Uning qayd etishicha, Prezident Nikolas Maduro hukmronligi davrida mamlakatda taxminan 2500 kishi “o‘g‘irlangan, g‘oyib bo‘lgan, qiynoqqa solingan”.
Mariya Korina Machado “Venesuela xalqining demokratik huquqlarini himoya qilishdagi tinmay olib borgan faoliyati” uchun mukofotga sazovor bo‘ldi. Nobel qo‘mitasi uning diktaturadan demokratiyaga adolatli va tinchlik yo‘li bilan o‘tish jarayoniga qo‘shgan hissasini alohida ta’kidladi.
Mariya Korina Machado – Venesuelada Nikolas Maduro hukumatga qarshi norozilik namoyishlarining yetakchi shaxslaridan biri. 2024 yilda u Maduroning rasman e’lon qilingan g‘alabasiga qarshi faol kurashdi. Unga saylovda ishtirok etish taqiqlanganidan keyin almashtiruvchi sifatida byulletenga kiritilgan muxolifat nomzodi Edmundo Gonsales Urrutiya bilan birga Machado yashirin hayot kechirishga majbur bo‘ldi.
Machadoning omma oldidagi so‘nggi ko‘rinishi qariyb bir yil avval – 9 yanvarda Maduroning inauguratsiyasiga qarshi namoyishlarda sodir bo‘lgan edi. 2024 yil avgustidan boshlab u yerosti sharoitida yashab kelayotgan edi.
Live
Barchasi