Nobel qo‘mitasi ma’lumotlar sizib chiqishi yuzasidan tergov boshladi
Olam
−
11 Oktabr 3991 1 daqiqa
Nobel qo‘mitasi Tinchlik bo‘yicha mukofot sovrindori Mariya Korina Machadoga tikilgan stavkalar keskin oshganidan so‘ng, ma’lumot sizib chiqishi ehtimolini tekshiradi. Bu haqda Nobel instituti direktori Kristian Berg Xarpviken Norvegiyaning “Aftenposten” gazetasiga ma’lum qilgan.
Nashrning yozishicha, kecha, 10 oktyabrga o‘tar kechasi, ya’ni g‘olib e’lon qilinishidan oldin qimor platformalaridan biri – Polymarket saytida Venesuela muxolifati yetakchisiga bo‘lgan stavkalar keskin oshgan.
Ikki soat ichida Machadoga Nobel tinchlik mukofoti berilish ehtimoli 3,75 foizdan 72,8 foizgacha ko‘tarilgan. Venesuelalik siyosatchi foydasiga bir necha yirik garovlar qo‘yilgan bo‘lib, ulardan biri 67 ming dollardan oshgan.
Nobel instituti rahbari qo‘mita bu holatni tergov qilishi va ehtimol “raqamli ma’lumot sizib chiqishi” bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilgi Nobel tinchlik mukofoti Venesuela muxolifat siyosatchisi Mariya Korina Machadoga “Venesuelada demokratiyani targ‘ib qilishdagi sa’y-harakatlari uchun” topshirilgani e’lon qilindi. Qayd etish joiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp ham bu mukofotni olishni juda istagan edi. Natijalar e’lon qilingach, Oq uy bu borada alohida bayonot bilan chiqdi. Keyinroq, Mariya Korina Machado Donald Tramp bilan suhbatlashib, mukofotni uning sharafiga bag‘ishlaganini ma’lum qildi.
Live
Barchasi