Putin “jang”ni boy berdi. Rossiya Markaziy Osiyoda uzoq qolmoqchi – Dushanbedagi sammitlar natijalari
Tahlil
−
11 Oktabr 10823 12 daqiqa
Xalqaro huquq bugun shu darajada ojiz ahvolga kelib qolganini hatto Tojikiston kabi davlatlar ham uning majburiyatlarini bajarmayotganidan bilsa bo‘ladi. Endi qolgan o‘rta darajada rivojlangan hamda boy va qudratli davlatlardan xafa bo‘lmasa ham bo‘ladi. 2000 yilda Xalqaro Jinoyat sudining Rim statutini ratifikatsiya qilgan Tojikiston hech qanday ogohlantirish va tushuntirishlarsiz ushbu statutning majburiyatini bajarmadi. Ko‘pchilikning xabari bor, Rim statuti uni ratifikatsiya qilgan davlatlarga Xalqaro jinoyat sudi hibsga olishga order bergan shaxslarni ushlab berish majburiyatini yuklaydi. Ammo 2024 yilda Mo‘g‘uliya, joriy 2025 yilda esa Tojikiston Putin bilan bog‘liq jarayonda mazkur majburiyatni bajarmadi. Chunki, XJS 2023 yildayoq Putinni hibsga olishga order bergandi. Lekin bu talablar Ulan-Bator va Dushanbe tomonidan bajarilmadi. Bu mavzu o‘z yo‘liga, bugun bu haqda so‘z yuritilmaydi. E’tiboringizni 8-9-10 oktyabr kunlari Tojikistonda o‘tgan ikki yirik siyosiy tadbir – Markaziy Osiyo va Rossiya sammiti hamda MDHning navbatdagi yig‘iniga qaratmoqchimiz. Chunki bu gal ushbu ikki siyosiy tadbir bir joyda, ya’ni Tojikistonda hech qanday tanaffuslarsiz birin-ketin o‘tkazildi. Putin va Aliyevning o‘zaro “yarashuv oshi” nafaqat shu kunning, balki butun yilning eng muhim voqeliklaridan biri bo‘ldi. Boku va Moskva orasi 2024 yil dekabrdan buyon juda sovuq edi. Joriy yil yoziga kelib esa bu ziddiyat yanada kuchaydi. Hammasi AZAL samolyotining qulashi uchun Putinning shaxsan, ochiqchasiga butun dunyo oldida uzr so‘rashi va yetkazilgan zararni qoplashiga borib taqalardi. Ammo “takabbur” Kreml bu talablarni bajarmay keldi. Biroq nihoyat Aliyev o‘z maqsadiga erishdi. U Putinni bu borada tormor qildi.
Bu safargi MO va Rossiya formatidangi sammit hamda MDH yig‘inida boshqa muhim takliflar, hujjatlar, ayniqsa, e’tiborga molik integratsion siljishlar kuzatildi. Masalan, Yevropa Ittifoqi Tojikistonni Putinni hibsga olmagani uchun tanqid qildi. Ammo Ittifoq o‘z tarkibidagi Vengriya ham bundan oldin Netanyaxuni hibsga olmasligini ochiq-oydin e’lon qilgandi. Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev MO–Rossiya sammitida tomonlar Moskva hamda mintaqa davlatlari o‘rtasida energetik sheriklik dasturi ishlab chiqishi, MDH doirasida esa transport sohasida saqlanib qolayotgan muammolarni yechishni taklif qildi. Putin Orol, shuningdek, Amudaryo va Sirdaryo uchun umumiy hisobda 33 million dollar ajratganini eslatdi. Ammo bu suv manbalardagi inqirozga sababchi bo‘lgan tuzum haqida gapirmadi. Bundan tashqari, Rossiya Prezidenti ozarbayjonlik mavqedoshiga pozitsiya boy berishi evaziga hech bo‘lmaganda yozda qo‘lga olingan “Sputnik Ozarbayjon” nashri direktorining ozod qilinishiga erishdi.
9 nafar yetakchi qatnashgan yig‘inlar MDHning SHHT bilan kichik integratsiyasi, ya’ni uning tarkibiga kuzatuvchi bo‘lib kirgani bilan ham esda qoldi.
Bugun Tojikistonda o‘tgan Sharq yetakchilarining 3 kunlik siyosiy sarguzashtlari haqida batafsil so‘z yuritamiz.
Putin hibsga olinmadi
“Markaziy Osiyo – Rossiya” sammiti. C5+1 formatidagi bu hamkor bilan aloqalar va yig‘inlar boshqalardan farq qiladi. Chunki Markaziy Osiyoning boshqa yirik siyosiy o‘yinchilari, jumladan, Germaniya, Yaponiya va butun boshli Yevropa Ittifoqi bilan ham shunday formatdagi aloqalari mavjud. Ammo mintaqadagi davlatlar ular bilan mazkur doirada Rossiya bilan bo‘lganidek, hurmatni so‘rab olishga majbur emas. Ular Uzoq Sharq yoki G‘arb davlatlariga o‘zlarining tilanchi emasligini, ma’lum darajada obro‘si mavjudligini va endi mustamlaka emasligini eslatib o‘tirishi shart emas. Biroq Rossiyaga bunday narsani vaqti kelganda eslatib turish zarur. Masalan, 3 yil oldin Ostonada o‘tgan xuddi shu formatdagi sammitda Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Putinning “tanobini tortgani” kabi.
“Bizni hurmat qilishlarini xohlaymiz. Biz tilanchi emasmiz. Biz boy davlatmiz. Bizda Mendeleyev davriy jadvalidagidan ham ko‘proq mineral resurslar zaxiralari mavjud. Biz doimo asosiy strategik hamkorimiz – Rossiya manfaatlarini hurmat qilib kelganmiz. Lekin rossiyalik ishbilarmonlarni faqat neft va gaz qiziqtiradi. Biz hurmatga sazovor bo‘lishni xohlaymiz. Biz nima, qandaydir begonamizmi? Bizga ko‘p pul sarflashning hojati yo‘q. Vladimir Vladimirovich, men sizdan Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan sobiq Sovet Ittifoqi kabi siyosat yuritmasligingizni so‘rayman”, degandi Imomali Rahmon 2022 yil Ostonadagi sammitda.
Shuning uchun Markaziy Osiyo – Rossiya sammiti shunday kelishmovchilik va ziddiyatlar bilan esda qolgan. Ammo bu gal Tojikistonda barchasi silliq kechdi. Davlat rahbarlari orasida tortishuv yuz bermadi. Putinni barcha iliq qarshi oldi. Xalqaro huquq nuqtai nazaridan Putin Tojikiston tomonidan hibsga olinishi kerak edi. Lekin qaysi xalqaro huquq degan savol o‘rtaga chiqadi. Albatta, Tojikiston XJS Rim statutini ratifikatsiya qilganiga 25 yil to‘ldi. Bunga ko‘ra, Dushanbe 2023 yildayoq insoniyatga qarshi jinoyat sodir etganlikda gumonlanuvchi Putinni ushlab berishi kerak edi. Lekin dunyo allaqachon o‘zgargan. Endi oldingi tartibdan asar ham qolmagan. Shu bois, Mo‘g‘uliya va Tojikiston kabi davlatlar ham bugun bemalol bunday tartiblarni buzmoqda. Chunki so‘nggi yillarda go‘daklarga o‘q uzish o‘zini himoya qilish deb e’tirof etilganidan keyin, XJS talabini bajarmaslik qandaydir qoidabuzarlik yoki uyat deb hisoblanmay qo‘ydi. Shuning uchun Dushanbe Putinni hibsga olish bo‘yicha orderni ijro etish o‘rniga uni tantana bilan kutib oldi. Yevropa Ittifoqi esa bu uchun Tojikistonni Xalqaro jinoiy sud talablarini bajarmaganlikda aybladi.
SSSR xatosi uchun kompensatsiya?
9 oktyabr kuni Dushanbe shahrida “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi ikkinchi sammit bo‘lib o‘tdi. Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon raisligida o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov qatnashdi. O‘zbekiston rahbari Rossiya bilan energetika sohasidagi hamkorlik bundan buyon ham mintaqa barqarorligining omili bo‘lib qolishini ta’kidlab, bu borada hamkorlik jadal rivojlanishini aytdi va qator takliflar bilan chiqdi.
Sammitda Vladimir Putin o‘z mavqedoshlarini hozircha Rossiyadan boshqa hech kim tan olmagan “Tolibon” bilan aloqalarni kuchaytirishga chorladi. Afg‘onistonda ko‘plab terroristik guruhlar ekstremizm g‘oyalarini tarqatishga harakat qilayotgani, Rossiya esa “Tolibon” muvaqqat hukumatining terrorchilikka qarshi kurashish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Ma’lumot uchun, O‘zbekiston “Tolibon” bilan dunyo davlatlari ichida eng birinchilardan bo‘lib muloqotni yo‘lga qo‘ygan. Hozir ham hamkorlik davom etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev esa doimiy ravishda xalqaro doiradagi yig‘ilishlarda Afg‘oniston masalasini dunyoga eslatib turadi. Masalan, Markaziy Osiyo – Rossiya sammitidan keyin darhol boshlangan MDH yig‘inida ham O‘zbekiston yetakchisi mintaqa davlatlari uchun Afg‘oniston tomonidan xavf saqlanib qolayotganini aytdi va rasmiy Toshkent u yerda tinchlik va osoyishtalik hukm surishi lozimligini qat’iy ta’kidladi.
Shuningdek, ushbu sammitda Vladimir Putin Rossiya Markaziy Osiyo davlatlariga 33 million dollardan ortiq mablag‘ ajratganini, bu pullar Amudaryo va Sirdaryo havzalarini monitoring qilish, suvni tejash texnologiyalarini joriy etish va Orol dengizi atrofida o‘rmonzorlar barpo etishga yo‘naltirilganini eslatdi. Ammo bu sarflangan mablag‘ qanday shaklda bo‘lganiga Rossiya yetakchisi to‘xtalib o‘tirmadi. Shuni aytish mumkinki, Rossiya o‘zini SSSRning vorisi deb e’lon qilgan. Bunday sharoitda esa sobiq Sovet Ittifoqining ijobiy va salbiy meroslari birdek bugungi Rossiyaga tegishli. Orolni esa o‘tmishda Sovet Ittifoqi quritganini hisobga olsak, bu 33 million dollar uning vorisi tomonidan to‘langan kompensatsiya, chunki bunga bundan ortiq ta’rif berish qiyin.
Putin taslim bo‘ldi
Aliyev va Putin nihoyat yarashdi. Bu yarashuv esa Putinning bosh egishi bilangina yuz berdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Dushanbe shahridagi uchrashuv ularning Grozniyda nishonga olinib, keyinchalik Aqtauda qulagan AZAL samolyoti fojiasidan keyingi ilk to‘laqonli yuzma-yuz suhbati bo‘ldi. Buning oldida ular Xitoyda SHHT sammitida uchrashgandi, ammo o‘shanda Peskov suhbat mazmunli bo‘lmaganini ma’lum qilgan. Tojikistondagi uchrashuv esa MO–Rossiya sammiti tugab, MDH davlat rahbarlari kengashi boshlanishi arafasida bo‘lib o‘tdi. Asabiylik, hansirish, tez-tez to‘xtab qolish va tana harakatlaridagi bexato bo‘lmagan harakatlar, qisqasi, Putin o‘zini o‘xshatmadi. Bir necha yil oldin Rossiya Prezidentini Ozarbayjon rahbarining qat’iyati va salobati sindiradi desalar hech kim ishonmasdi. Ammo dunyo katta tezlik bilan o‘zgarmoqda. Putin ham uzr so‘raydi va uni talablarni bajarishga majbur qilish mumkin.
Shunday qilib, hali ham millionlab insonlarning xayolida “yengilmas” siymo bo‘lib turgan Putin Ozarbayjon so‘ragan uchala talabni ham bajarishini aytdi. Birinchi navbatda uzr so‘radi, keyin esa aybdorlarga jazo berish va tovon to‘lashga tayyorligini ta’kidladi.
2024 yil oxirida sodir bo‘lgan samolyot fojiasiga oid vaziyatni muhokama qilishdan boshlangan uchrashuvda Putin aybni Ukraina dronlariga to‘nqadi. Ammo AZAL samolyotiga yetkazilgan zararda Rossiya raketacining ta’sirini tan oldi. Unga ko‘ra, bu raketalar samolyotga bevosita tegmagan, balki faqat bir necha metr masofada portlagan. Putinning so‘zlariga ko‘ra, samolyot ekipajiga Maxachqal’aga qo‘nish taklif qilingan, biroq ular bazaviy aeroportga yo‘nalishni davom ettirishni tanlagan. Rossiya Prezidenti AZAL samolyoti halokati bilan bog‘liq barcha mas’ul mansabdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berilishini ma’lum qildi. Putin Rossiya osmonida sodir bo‘lgan ushbu fojia uchun avval ham uzr so‘raganini eslatib, yana bir bor halok bo‘lganlarning oilalariga ta’ziya bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Moskva katastrofani tergov qilishga to‘liq yordam ko‘rsatmoqda va Rossiya tovon to‘lash masalasida zarur ishlarni amalga oshirishga tayyor.
Bundan tashqari, tomonlar yozda o‘zaro telba-teskari tarzda qo‘lga olinganlarni ozod qilishni boshladi. Masalan, Ozarbayjon hukumati “Sputnik Ozarbayjon” direktori Igor Kartavixni qo‘yib yuborgani aytildi. O‘z navbatida, Rossiya tomoni ham hibsga olingan Ozarbayjon fuqarolaridan birini ozod qilgan. Bu boradagi muzokaralar, asosan, prezident yordamchilari darajasida o‘tkazilgan. Xususan, Yuriy Ushakov ozarbayjonlik mavqedoshi Hikmat Hadjiev bilan birga mazkur masalani muhokama qilgan va fuqarolarni qo‘yib yuborish qarori Putin va Aliyev uchrashuvidan oldin qabul qilingan.
“Masalani yopdik”
Putin Do‘shanbe shahrida ham o‘z odatiga ko‘ra, tik turgan holda, rus ommaviy axborot vositalari uchun katta matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda to‘xtalgan asosiy masalalari esa Aliyev bilan yarashuv va Trampga Nobel berilmaganini tanqid qilish bo‘ldi. Jurnalist tomonidan Ilhom Aliyev bilan muzokaralarda ikki tomonlama munosabatlardagi inqiroz saqlanib qoldimi yoki butkul hal qilindimi, degan savolga Putin o‘tgan voqealar inqiroz deb atalmasligi, bu yerda asosiy rolni hissiyotlar egallagani, ammo endi barchasi orqada qolganiga umid qilishini aytdi.
“Bilasizmi, men davlatlararo munosabatlarda inqiroz bo‘lgan, deb aytmagan bo‘lardim. Nega? Chunki, agar bu haqiqiy davlatlararo inqiroz bo‘lganida, savdo-iqtisodiy aloqalar o‘smagan bo‘lardi. Ammo biz ko‘rgan va boshdan kechirgan barcha holatlarga qaramay, o‘zaro tovar ayirboshlash o‘sishda davom etdi hamda sezilarli darajada oshdi. Qanday qilib bu davlatlararo inqiroz bo‘lishi mumkin? Men aytgan bo‘lardimki, bu ehtimol, ko‘proq hissiyotlar inqirozi edi. Va nega ekanligi tushunarli. Chunki biz juda og‘ir, fojiali hodisa – samolyot va undagi yo‘lovchilar halokati bilan yuzma-yuz keldik. Shu bois, bunga osoyishta yondashib, tushunib olishimiz uchun vaqt kerak edi. Shuni ham esga solmoqchiman, Ozarbayjon deyarli rusiyzabon davlat. U yerda deyarli hamma joyda rus tili o‘rganiladi. Bu ham mamlakatda Rossiya bilan munosabatlarni rivojlantirishga chuqur, barqaror munosabat borligidan dalolat beradi. Men kelajakda ham shunday bo‘lishiga ishonaman. Hissiyotlar. Albatta, ularsiz bo‘lmaydi. Lekin ularni shunday holatda ushlab turish kerakki, ishga va olg‘a harakatga halal bermasin. Umid qilamanki, bularning barchasi orqada qoldi”, dedi Rossiya rahbari.
Shuningdek, Rossiya Prezidenti mavqedoshi Donald Tramp juda ko‘p intilgan, ammo yakunda quruq qolgan Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti haqida so‘z ochib, tashkilotchilarni tanqid qildi.
“Shunday holatlar bo‘lganki, Nobel qo‘mitasi tinchlik mukofotini umuman tinchlik uchun hech narsa qilmagan odamlarga bergan. Mening fikrimcha, ana shunday qarorlari bilan ular bu mukofot nufuziga ulkan zarar yetkazishgan. Qarangki, odam keladi – yaxshi yoki yomon – unga bir oy, ikki oy o‘tib, tars, mukofot. Nima uchun? Ha, umuman hech narsa qilmagan holda. Axir bu qanday ish? Bu mukofot qandaydir xizmatlar uchun berilishi kerak-ku. Shu bois, menimcha, uning nufuzi ancha darajada yo‘qolgan. Men aniq aytganman, bilaman, Ukrainadagi inqiroz bo‘yicha u chin dildan harakat qilmoqda. Nimadir qo‘ldan keldi, nimadir kelmadi. Balki Ankorijdagi kelishuvlar va muhokamalar asosida yana ko‘p narsa qilishimiz mumkin bo‘lar. Lekin u bu masalalar – tinchlikka erishish va xalqaro murakkab vaziyatlarni hal etish masalalari ustida chindan ham ishlayapti, harakat qilayapti.
Eng yaqqol misol – Yaqin Sharqdagi vaziyat. Agar Donald intilayotgan va aytayotgan, amalga oshirishga urinayotgan barcha ishlar yakuniga yetkazilsa – bu tarixiy voqea bo‘ladi, bu shunchaki tarixiy voqea. Men buni aynan hozir Yaqin Sharqda, umid qilamizki, yo‘lga qo‘yilgan va Tramp tashabbusi va bevosita ishtirokida ketayotgan jarayonga xalal bermoqchi emasligim uchun qildim. Bu yutuq emasmi? Bu – yutuq.”
Lukashenko ham “hech vaho qilmagan” Obamaga berilgan Nobel Trampga berilmaganidan norozi bo‘ldi.
“Tramp Nobel mukofotiga loyiq edi. Bu – mutlaqo ahmoqlik. Oldinlari hech qanday ish qilmagan AQSH Prezidenti bu mukofotni olgan, Tramp esa tinchlik yo‘lida juda ko‘p ish qildi. Mukofot aynan unga berilishi kerak edi”, degan Belarus fuqarosi.
Keyinchalik Donald Tramp o‘zining ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Vladimir Putinning Nobel tinchlik mukofoti haqida gapirayotgani aks etgan videoni joylab, Rossiya Prezidentiga minnatdorlik bildirdi.
MDH “semirmoqda”
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon raisligida o‘tgan sammit ishida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarusdan Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhammedov, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan hamda MDH bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.
Navbatdagi yig‘ilish yakunida MDH doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuv va qarorlar to‘plami imzolandi. Kengashga raislik navbati Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhammedovga o‘tdi. Sammitda 19 ta hujjat imzolandi. Ular orasida 2026-2030 yillarda tashqi chegaralarda chegara xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha MDH davlatlari hamkorlik dasturi to‘g‘risida qaror, mintaqaviy energetik xavfsizlikni ta’minlash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Deklaratsiya haqida qaror, “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi plyus” formati tashkil etish to‘g‘risidagi hujjat hamda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga MDH huzurida kuzatuvchi maqomi berish to‘g‘risidagi qarorlar mavjud.
Bular ichida e’tiborni tortgani “MDH Plyus”dir. Ushbu format Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining asosiy ishtirokchi davlatlari bilan uchinchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishni anglatadi. Ya’ni endilikda, bu orqali uchinchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar MDH doirasidagi tadbirlarda, majlislarda va boshqa hamkorlik platformalarida ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi. Bundan ko‘zlangan maqsad esa hamkorlikni kengaytirish, xususan, iqtisodiyot, xavfsizlik, energetika, transport-logistika va boshqa yo‘nalishlarda kengroq muloqotlarni yo‘lga qo‘yish ekani aytilayotgani ta’kidlandi. Lekin MDHning SHHTda kuzatuvchi davlat maqomida qatnashishi nimasi bilan va nima uchun yordam berishi, bu a’zolarga qanday yengilliklar taqdim qilishi hali noma’lum.
Live
Barchasi