Erondagi namoyishlarda 17 yoshli futbolchi otib o‘ldirildi

Sport

image

Eronda mahalliy “Saypa” klubining 17 yoshli futbolchisi Rebin Moradi mamlakatdagi norozilik namoyishlari vaqtida otib o‘ldirildi. Bu haqda “Hengaw” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Moradi joriy yilning 8 yanvar kuni o‘ldirilgan. Ish tafsilotlaridan xabardor manbaning Hengaw ga ma’lum qilishicha, Moradining oilasi uning vafot etgani haqida joriy yilning 12 yanvar kuni – to‘rt kun davomida uning qayerda ekanligi haqida hech qanday ma’lumot bo‘lmaganidan so‘ng xabardor qilingan. Manbaga ko‘ra, hozirga qadar marhumning jasadini oilasiga topshirishga ruxsat berilmagan.

Moradi faol yosh futbolchi bo‘lib, “Saypa” klubining yoshlar jamoalari safida Tehron yoshlar ligasida ishtirok etgan. U liga uchrashuvlarida “Saypa” uchun gollar urgan va Tehron yoshlar futbolida istiqbolli iqtidorlardan biri sifatida baholangan. “Saypa”ga kelishidan avval u “Parsian Javan Ilya Novin” kabi boshqa yoshlar jamoalarida ham o‘ynagan hamda Tehron viloyati futbol federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan rasmiy uchrashuvlarda qatnashgan.

Futboldan tashqari, Moradi o‘z yosh toifasida suzish bo‘yicha chempion bo‘lgan, shuningdek, kurash kabi boshqa sport turlari bilan ham shug‘ullangan.

Eron bo‘ylab norozilik namoyishlari o‘tgan yilning 28 dekabr kunidan beri davom etmoqda. Namoyishlar mamlakatdagi iqtisodiy ahvolga norozi fuqarolar tomonidan uyushtirilgan. Hozirda noroziliklar vaqtida jarohatlangan yoki halok bo‘lganlarning aniq sonini aniqlash qiyin, chunki butun mamlakat bo‘ylab internet va mobil aloqa uzilgan.

Inson huquqlari faollari axborot agentligi (HRANA)ning so‘nggi tasdiqlangan ma’lumotlariga ko‘ra, 12 yanvar holatiga ko‘ra, norozilik namoyishlarini bostirishda 646 kishi, jumladan, 133 nafar xavfsizlik xodimi halok bo‘lgan va 10 000 dan ortiq namoyishchi hibsga olingan. Yana bir inson huquqlari tashkiloti, “Iran Human Rights” esa 648 nafar namoyishchi halok bo‘lganini xabar qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Reuters” Eronda norozilik namoyishlari boshlangandan beri xavfsizlik xodimlari bilan birga 2000 ga yaqin odam halok bo‘lgani haqida xabar bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron namoyishlar Rebin Moradi “Saypa”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing